Yevropa Ittifoqi oy boshida belarus rasmiylarini saylovda ovozlarni soxtalashtirishga va namoyishchilarga qarshi zulmga aloqadorlikda ayblab 40 nafarini qora ro’yxatga qo’shgan edi. Germaniya Tashqi ishlar vaziri Xayko Maas o’shandan beri hech qanday o’zgarish bo’lmadi deya, Lukashenkoga ham sanksiyalarni qo'llashni taklif etdi.
Your browser doesn’t support HTML5
Bugun Lyuksemburga uchrashgan Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari uchrashib, Lukashenkoni qora ro'yxatga qo'shishga kelishib oldi. Uning Yevropadagi mulki va hisob raqamlari muzlatiladi, bundan keyin u a’zo davlatlar hududlariga kiritilmaydi.
Yevropa Ittifoqi Lukashenkoni prezident sifatida tan olmasligini bildiradi.
Bu o'rtada Minskda yakshanba yana o’n minglab odam hukumatga qarshi namoyishga chiqdi. Militsiya namoyishchilarni tarqatish maqsadida to’qmoq, suv va karaxt qiluvchi granatalarni ishga soldi. Ayrim namoyishchilarni militsiya olib ketgani aytiladi. “Vesna” inson huquqlari guruhiga ko’ra, 330 dan ortiq odam ushlangan.
Bundan bir kun oldin Prezident Aleksandr Lukashenko Davlat xavfsizlik qo’mitasining tergov izolyatorida bo’lib, hibsdagi muxolifat rahbarlari bilan to’rt soatdan ortiq suhbat qilgan. Prezidentlikka nomzodini qo’ygan, ammo ro’yxatga olinmagan bankir Viktor Babariko ham hibsda.
Davlat matbuotiga ko’ra, Lukashenko ularning fikrini tinglab, muxolifat bilan muloqotni yo’lga qo’ymoqchi bo’lgan. Litvaga chiqib ketgan prezidentlikka sobiq nomzod Svetlana Tixanovskayaning aytishicha, muloqot qamoqxonada olib borilmaydi.
Belarusda 9-avgust kuni o’tgan prezident saylovlaridan beri har yakshanba yirik namoyishlar bo’lmoqda. Xalqning bir qismi saylov natijalaridan norozi, Tixanovskaya aslida g’alaba qozongan deya, Lukashenkoni iste’foga chaqirmoqda.