Lukashenko namoyishchilarni "kalamushlar" deb atadi

  • Amerika Ovozi

Belarusning poytaxt Minsk va boshqa shaharlarida Prezident Aleksandr Lukashenkoga qarshi namoyishlarning 16-kuni. Mamlakatni 1994-yildan beri boshqarayotgan rahbar prezidentligi davrida ilk bor bu kabi yirik noroziliklarga duch kelmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 24-avgust, 2020-yil

O’n minglab namoyishchi Lukashenkoni 9-avgustda o’tgan saylovlarda ovozlarni soxtalashtirganlikda ayblab, iste’foga chaqirmoqda, yangi saylovlar o’tkazilishini talab qilyapti.

Muxolifatning Muvofiqlashtirish kengashi a’zosi Mariya Kolesnikova xalqni sabrli bo’lishga chaqirdi.

“Bizning qarshiligimiz marafonga o’xshaydi. Rejim bu marafondan o’ta olmaydi, ammo biz o’tamiz. Chunki bizda iroda va kuch bor, bir-birimizni qo’llaymiz. Biz to’xtamasdan namoyish qilishimiz, yozishimiz, gapirishimiz, shikoyat qilishimiz, hamkorlikdan bosh tortishimiz, boykotni davom ettirishimiz, rejim talablariga ko’nmasligimiz kerak”, - dedi muxolifatchi ayol.

O’tgan hafta “Minsk – qahramon-shahar” yodgorligi oldida Belarus tarixidagi eng yirik namoyish bo’ldi. Unda 250 mingga yaqin odam qatnashgani aytilmoqda. Bugun bu joy tikanli sim bilan to’silgan, militsiya kuchlari nazorat qilmoqda. Mudofaa vazirligi harbiy memoriallar oldida namoyishlarga yo’l qo’yilmasligini bildirdi.

Kecha namoyishchilar prezident saroyigacha borib, maxsus militsiya kuchlari OMONga duch keldi, ammo ular bilan to’qnashmasdan har kuni bo’lgani kabi tarqaldi. Manzarani vertolyotdan qo’lida avtomat bilan tomosha qilgan Lukashenko namoyishchilarni “tumtaraqay bo’layotgan kalamushlar” deb atadi.

Davlat rahbari xavfsizlik kuchlari bilan ko’rishib, ularga xizmati uchun minnatdorchilik bildirdi, prezident saroyini qo’riqlayotgan jangchilar esa Lukashenko bilan so’nggi nafasigacha bo’lishga va’da berdi.

“Rahmat, yigitlar. Ayojibsizlar. Bular bilan shug’ullanamiz hali”, - dedi u.

Shanba kuni Lukashenko Grodno shahrida tarafdorlariga murojaat qilarkan, gubernatorlarga ish tashlashlar va mitinglar kuzatilayotgan barcha korxonalarni yopishga buyruq berganini aytdi.

“Ommaviy axborot vositalari Belarusga qarshi gibrid urushining ishtirokchilaridir. Oilalarni bir-biri bilan urishtirishmoqda, bolalarni, davlat xizmatchilarini, harbiylarni, jurnalistlarni qo’rqitishyapti. Bunday harakatlarga qarshi qattiq turamiz”, - dedi Lukashenko.

Xabarlarga ko’ra, Muvofiqlashtiruvchi kengashning ikki a’zosi Olga Kovalkova va Sergey Dilevskiy bugun hibsga olingan.

Dunyoning qator davlatlarida Belarus namoyishchilarini qo’llab-quvvatlovchi aksiyalar bo’lib o’tmoqda. Litva poytaxti Vilnyusda 35 ming odam ko’chaga chiqib, qo’l ushlashib, Belarus chegarasigacha bir qator bo’lib cho’zildi.