Belarus Davlat xavfsizlik qo’mitasi Prezident Aleksandr Lukashenkoni iste’foga chaqirayotgan muxolifat yetakchilarini birma-bir mamlakatdan haydamoqda. Kecha muxolifatning yaqinda tuzilgan Muvofiqlashtiruvchi kengashiga a’zo ikki faol Ukrainaga chiqarildi.
Your browser doesn’t support HTML5
Muxolifat yetakchisi Mariya Kolesnikova ham haydalishi mumkin edi, biroq pasportini yirtib tashlaganidan so’ng Ukraina chegarachilari uni mamlakatga kiritmagan. Bugun ma’lum bo’lishicha, Kolesnikovani qamoqqa olib, uyida tintuv o’tkazishgan.
Belarusda hokimiyatni tinch yo’l bilan va tartibli topshirishni muvofiqlashtirish maqsadida tuzilgan kengashning bildirishicha, shanba kuni prezidentlikka sobiq nomzod Svetlana Tixanovskayaning ishonchli vakili Olga Kovalkova Polsha chegarasiga olib borilgan. Kovalkova hozir Varshavada, Tixanovskaya esa Litvada. Bugun kengash a’zosi Maksim Znak hibsga olingan.
Bu o’rtada Minskda hukumatga qarshi namoyishlar tinmayapti. Namoyishchilar Kolesnikovani ozod etishni talab qilmoqda. Chiqishlar paytida bir necha odam ushlangan.
Tixanovskaya tarafdorlarini zo’ravonlikka berilmaslikka, tinch namoyishlarni davom ettirishga chaqirdi. Muxolifat saylovlarni qayta o’tkazishni talab qilarkan, Tixanovskaya saylovni yangi konstitutsiya qabul qilinishidan oldin o’tkazishga da’vat etmoqda. Tixanovskaya, shuningdek, Belarusdagi namoyishlar qo’shni Rossiyaga qarshi qaratilmaganini aytadi.
Prezident Lukashenkoning da’vo qilishicha, xorijiy kuchlar uni hokimiyatdan ag’darishga urinmoqda va agar u ketsa, jarayon Rossiyaga ham o’tadi.
Ukrainaga haydab chiqarilgan ikki muxolifatchi Anton Rodnenkov va Ivan Kravsov bugun Kiyevda uyushtirilgan matbuot anjumanida qatnashdi. Ularning aytishicha, xavfsizlik kuchlari mamlakatdagi taranglikni yumshatish maqsadida muxolifatning ko’zga ko’ringan vakillarini mamlakatdan chiqarib yubormoqda.
Bugun Tallinda Skandinav va Boltiq bo’yi davlatlari tashqi ishlar vazirlari uchrashib, Yevropa Ittifoqini Belarusda namoyishlarni bostirishga va 9-avgust saylovini soxtalashtirishga qo’l urgan rasmiylarga qarshi sanksiyalarni tezlashtirishga chaqirdi.
Litva va Shvetsiya vazirlarining aytishicha, bu mamlakatlarning Belarusdagi diplomatlari Muvofiqlashtiruvchi kengashning ozodlikdagi yagona a’zosi, adabiyot sohasida Nobel mukofoti sovrindori Svetlana Aleksiyevichni qo’llab-quvvatlash uchun uyiga borgan. Adibaning shikoyat qilishicha, unga so’nggi kunlarda notanish raqamlardan ko’p qo’ng’iroqlar bo’lmoqda, eshigidagi qo’ng’iroqni tez-tez chalib, uni bezovta qilishmoqda.
“Svetlana Aleksiyevich eshigini taqillatgandan ko’ra kech bo’lmasidan vijdoningiz eshigini taqillating”, - dedi Litva Tashqi ishlar vaziri Linas Linkevichus.