Belaruslik yengil atletikachi Kristina Timanovskaya Tokioda bo’layotgan Yozgi Olimpiya o’yinlaridagi ishtirokini muddatidan erta tugatmoqda. U vataniga qaytsa, katta muammolarga duch kelishini aytib, Polsha elchixonasiga sig’inib, siyosiy boshpana so’ragan. Varshava unga gumanitar viza bergan va sportchi 4-avgust kuni Polshaga uchib ketadi.
Your browser doesn’t support HTML5
Timanovskayaning aytishicha, uni Belarusga qaytarib yubormoqchi bo’lishgan. Oraga Xalqaro Olimpiya qo’mitasi aralashib, bunga halaqit bergan.
24 yashar Timanovskaya qisqa masofaga yugurish bilan shug’ullanadi. Dushanba kuni u 200 metrga yugurishda qatnashishi kerak edi, biroq uni 400 metrlik estafetada yugurishga majbur qilishgani ma’lum bo’ldi. Shundan so’ng sportchi jamoa mutasaddilarini tanqid qlgan.
Timanovskayaning aytishicha, uni Olimpiya qishlog’idagi xonasidan chiqarib, aeroportga olib bormoqchi bo’lishgan. Xalqaro Olimpiya qo’mitasi vaziyatni tergov qilishini bildirdi.
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenning aytishicha, Aleksandr Lukashenko hukumati Timanovskayani so’z erkinligi uchun jazolamoqchi va yana bir qatag’onga qo’l urmoqchi.
AQSh, Yevropa Ittifoqi va qator davlatlar Belarus prezidenti va hukumatini muxolif qarashdagi fuqarolarga nisbatan tazyiqlarda ayblab, sanksiyalar qo’ygan.
Mart oyida Xalqaro Olimpiya qo’mitasi Lukashenkoning o’g’li Viktorni Belarus Milliy Olimpiya qo’mitasiga rais sifatida saylanganini tan olmadi. Ota-bola Olimpiya o’yinlarida qatnashish huquqidan mahrum etilgan.
Bu o’rtada Kiyevda asoslangan tashkilotning belorussiyalik faoli Vitaliy Shishovning o’limi haqida xabar berilmoqda. U uyiga yaqin bog’dagi bir daraxtga osilgan holda topilgan. Tashkilot Belarusdan qochayotgan muxolif faollarga yordam berish bilan shug’ullanadi. Ukraina politsiyasi voqeani qotillik deb ko’rmoqda.
Hukumatga qarshi namoyishlarda qatnashgan 26 yoshli Shishov Belarusni o’tgan yili tark etganidan beri kuzatuvda bo’lganini aytar edi, deydi uning do’stlari.
Belarus muxolifatining surgundagi lideri Svetlana Tixanovskaya bo’lgan voqeaga munosabat bildirar ekan, tergov natijasini kutishga chaqirdi. Tixanovskaya bugun Londonda Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson bilan uchrashdi. Jonson Belarus xalqiga demokratiya uchun kurashda yordam berishni va’da qildi.