Belarusda o’tgan hafta o’tkazilgan prezident saylovlarida amaldagi rahbar Aleksandr Lukashenko bilan hokimiyat uchun kurashgan Svetlana Tixanovskaya mamlakatni tark etishga majbur bo’ldi. Litvaga qochgan muxolifatchining aytishicha, u farzandlarini o’ylab shunday qarorga kelgan.
Your browser doesn’t support HTML5
Tixanovskaya Belarusda saylovdan so’ng boshlangan namoyishlar va politsiya bilan to’qnashuvlarda hamyurtlarining jabr ko’rishini istamasligini aytadi.
Lukashenkoni ovozlarni soxtalashtirganlikda ayblab ko’chaga chiqqan odamlar bir necha shaharda xavfsizlik xodimlari tomonidan siquvga olindi, kamida bir odamning o’lgani ma’lum.
37 yashar Tixanosvkaya uning tadbirkor va blogger turmush o’rtog’i Sergey Tixanovskiy nomzod sifatida ro’yxatga olinmaganidan so’ng poygada qatnashishga qaror qildi va rasmiy ma’lumotlarga ko’ra saylovda 10 foiz ovoz olgan.
Sergey qamoqqa olindi, Svetlana esa saylovdan oldin farzandlarini Litvaga olib chiqishga majbur bo’ldi. Saylovdan so’ng ularning yoniga ketdi.
Litva Tashqi ishlar vaziri Linas Linkevichusning aytishicha, ayol qattiq bosimga uchrab, noilojlikdan mamlakatni tark etishga majbur bo’ldi.
“Ketmasa, ozodlikdan mahrum bo’lishini aytishgan bo’lishi mumkin. Unga berilgan imkoniyatdan foydalanishga qaror qildi”, - dedi vazir.
Litva hukumati Tixanovskaya va uning farzandlariga bir yillik viza va turishga joy berdi, xavfsizligini o’z zimmasiga oldi.
Nomzod tarafdorlari Tixanovskaya aslida Lukashenkodan ko’p ovoz olganini da’vo qiladi.
Belarus rasmiylari Tixanovskaya o’z xohishiga ko’ra mamlakatdan chiqqanini aytsa-da, Svetlananing Markaziy saylov komissiyasida tasvirga tushirilgan bayonotida uning rasmiy ohangda qog’ozdan o’qiyotganini ko’rsa bo’ladi. Videoda Tixanovskaya tarafdorlarini saylov natijalarini qabul qilishga, qon to’kilishlarining oldini olish uchun namoyishlarni bas qilishga chaqiradi.
AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Belarusdagi saylovlar erkin va shaffof o’tmaganini aytib, muxolifat tarafdorlarining hibsga olinishini, namoyishchilarga qarshi zo’ravonliklarni qoraladi.
Yevropa Ittifoqi Belarus bilan aloqalar qayta ko’rib chiqilayotganini bildirdi.