"Islomiy davlat" jangari guruhi Bryusselni larzaga solgan portlashlar uchun javobgarlikni o'z zimmasiga oldi. Aeroport va metro bekatida yuz bergan uch portlash natijasida kamida 30 odam o'lgan, 130 kishi yaralangan.
Guruh bayonotiga ko'ra, hujumchilar aeroport ichida ikkita bombani portlatishdan oldin odamlarga qarata o'q uzgan. Malbek metro bekatidagi xuruj ham xudkush bombachi tomonidan amalga oshirilgan. Bu haqda jangarilarning Amaq axborot agentligi xabar berdi.
Xurujlar ketidan ommaga bayonot began Belgiya Bosh vaziri Sharl Mishel mamlakat qora lahzalarni boshdan kechirayotganini aytib, barchani tinch va bardam bo'lishga undagan.
Dunyo yetakchilari, jumladan, AQSh Prezidenti Barak Obama hujumlarni keskin qoralab, Belgiya xalqiga hamdardlik bildirdi.
"Begunoh insonlarga qarshi sodir etilgan bu dahshatli hujumlar uchun AQSh Belgiyaga o'z ta'ziyasini izoh qiladi. Jinoyatni amalga oshirganlarni jazoga tortish bo'yicha AQSh barcha choralarni ishga solib, do'sti Belgiyaga yordam berishga tayyor", - dedi AQSh rahbari.
Yevropa Ittifoqi bu hujumlar nafaqat Belgiya, balki butun blokka nisbatan xuruj deya, a'zo davlatlarni ogoh turishga, xavfsizlik choralarini mahkamlashga chaqirmoqda.
Yuzlab samolyot qatnovlari bekor qilingan. Bryusselda metro tizimi ham ishdan to'xtagan.
Ushbu portlashlar Parij xurujlarining muhim ishtirokchisi hisoblangan Salah Abdesalam Bryusselda hibsga olinishidan bir necha kun o'tib ro'y berdi.