Din

Amerikalik injilchi professor Turkiyaga mahliyo

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Indiana universiteti professori Mark Feyerchayld qadimiy obidalarni qidirib, olis joylarga sayohat qiladi. U haqda hujjatli film ishlandi.

Xantington universiteti talabalari Met Vitni va Logan Bush professor bilan Turkiyaga safar qilishdi. Uning ishlari haqida haligacha film ishlanmaganiga ular hayron.

“Bu odam 60 yoshlar atrofida. Kun bo’yi tog’larga chiqib, yo’qolgan shaharlarni kashf etadi”, - deydi Vitni.

Ikki student o’qishni tamomlab, film ustalariga aylanishdi. Professor Feyerchayld va Turkiyaga safar haqida hujjatli film ishlashdi.

“Avliyo Polning nasroniylikni targ’ib qilgan sayohatlari film asosida yotadi. Shu orqali professor Feyerchayldning har kungi hayotini ham ko’rsatamiz. Bu arxeolog qilgan ajoyib kashfiyotlardan tashqari tomoshabin Turkiya jamiyati, tarixi haqida ham o’rganadi”, - deydi Met Vitni.

Feyerchayldning asl kasbi boshqa edi. Bibliya tarixchisi sifatida u kitobning Yangi ahdida Turkiya ko’plab marta tilga olingani bilan qiziqqan va 1997-yilda u yerga safar qilgan. Qadim obidalar unda katta taassurot qoldiradi. Arxeologiyani mustaqil o’rganib, butun vaqtini Turkiyada o’tkaza boshlaydi.

Yunon va yahudiy qadamjolarni topib, u xristian dinining ilk davrini o’rganadi. 2012-yilda professor dunyodagi eng qadimgi sinagogani kashf etdi.

“Toqqa chiqayotib, bir qancha imoratlar yonidan o’tdim. Chap tomonda ibodatxonaga ko’zim tushdi”, - deb eslaydi u.

Olim Turkiyada 350 dan ziyod obidani borib ko’rgan. Qishloqlarga borib, mahalliy aholi bilan suhbatlashib, kashfiyotlar qiladi. Ular xarobalarni ko’rgan bo’lsa-da, nima ekanini biladiganlar kam, deydi u. Bunga sabab - imoratlar ko’pincha olis hududlarda joylashgan va qisman Turkiya o’z tarixini islom boshlangani bilan bog’laydi.

Umidim shuki, deydi professor, ishlarim va hujjatli film orqali G’arb ahli tarixni qadrlasin, Turkiyaning dunyodagi o’rni haqida chuqurroq o’rgansin.

“Agar terrorizm muammosini hal qilmoqchi bo’lsak, Turkiyani albatta bu ishga jalb qilish kerak. Bu davlatda 99 foiz aholi musulmon, lekin dunyoviy jamiyat. Musulmon davlatlar orasida eng mo’tadil. G’arb bilan do’stona munosabatlarga ega, NATO a’zosi”, - deydi olim.

“Oxirgi apostol: muqaddas zaminga sayohat” nomli hujjatli film yaqinda ekran yuzini ko’rdi. Xalqaro kino festivallarda namoyish etiladi. Uni internetda ham tomosha qilish mumkin.