Yevropa Baydenning ilk 100 kunini olqishlamoqda

  • Amerika Ovozi

Shu hafta Jo Bayden Oq uyga kirganiga 100 kun to’ladi. AQShda bu ramziy hisob bo’lib, yangi rahbarning ilk qadamlari, ilk faoliyati sarhisob qilinadi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 28-aprel, 2021-yil

Yevropagi ittifoqchilar Amerika bilan munosabatlar ijobiy tomonga o’zgarganiga ishora qilmoqda.

“Bayden Amerika ittifoqchilari va hamkorlari bilan birga ishlashni istaydi, ayniqsa Yevropadagilar bilan. Bu juda muhim. Bayden siyosatni tez o’zgartirib, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni tikladi, iqlim o’zgarishiga qarshi kurash, sog’liqni saqlash sohalarida ma’lum majburiyatlarni o’z bo’yniga oldi”, - deydi Londondagi “Chatxam uyi” tahlil markazidan Lesli Vinjamuri.

Bayden Oq uyga kirishi bilan Qo’shma Shtatlar Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti va iqlim o’zgarishiga doir Parij bitimiga qaytib kirdi. Davlat kotibi Entoni Blinken bu o’rtada ikki marta Bryusselga borib, NATO va Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik ahamiyatiga urg’u berdi.

Vashington 2015-yilda Eron yadri dasturiga doir xalqaro bitimni jonlantirishga qaratilgan muzokaralarda ham qatnashmoqda. Tramp ma’muriyati shartnomani tanqid qilib, undan chiqqan edi.

Bayden Amerikaning g’animlariga nisbatan ham yangi yondashuv qo’llab, masalan, Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni “qotil” deb atadi, uning mamlakatiga ikki bor sanksiya qo’ydi.

“Bu sanksiyalar Donald Tramp so’nggi 4 yilda joriy etgan sanksiyalardan ancha og’riqli bo’ldi. Rossiya buni ko’rdi, bundan asabiylashdi, Rossiya hukumati nima bo’layotganini fahmlay olmadi”, - deydi Rossiyaning AQSh va Kanada institutidan Pavel Sharikov.

Bu o’rtada Rossiya Ukraina bilan chegarada 100 mingdan ziyod qo’shin to’pladi. Ba’zilar buni Baydenni sinashga qaratilgan harakat deb ko’rdi.

“Bayden Rossiya va, xususan, Xitoy yangi prezidentni biror mojaro yoki taranglik orqali sinamoqchi bo’lishini biladi. Bayden buni kutgan va shaxmat taxtasida boshqa yirik davlatlardan oldin yurish qildi. U ularga Amerikada rahbariyat yangi bo’lganini bildirib qo’ydi”, - deydi Virginiya universiteti professori Larri Sabato.

Rossiyaliklar Bayden prezidentlikka kelishi bilan AQSh bilan munosabatlar yanada yomonlashganini ta’kidlaydi.

“Uni yoqtirmayman, Rossiyaga nisbatan o’ta agressiv”, - deydi Yuriy ismli moskvaliklardan biri.

“Rossiyaga munosabati ijobiy emasligini bilaman”, - deydi yana bir poytaxtlik.

Bayden ma’muriyati Xitoy hukumatini Shinjondagi uyg’ur aholiga nisbatan qatliomda aybladi. Pekin bu ayblovlarni inkor etadi.

Bu hafta esa AQSh prezidenti Birinchi jahon urushi paytida Usmoniylar imperiyasida armanlarning o’lganini ilk bor genotsid deb tan oldi.

“Bunday qarorning hali javobi bo’ladi. Bundan keyin na Xitoy bilan, na Turkiya bilan hamkorlik qilish oson bo’ladi. Bunday hamkorlik esa nafaqat dunyo uchun, balki Bayden ma’muriyati uchun ham muhimdir. Vaziyat murakkablashgan. Hozir hammamiz Amerika qaysi masalalarda yon berarkan deb o’ylanib turibmiz”, - deydi tahlilchi Vinjamuri.