AQSh Prezidenti Jo Bayden armanlarning 1915-yilda Usmoniylar imperiyasida ommaviy tarzda o’lganini qatliom deb atashi Amerikaning NATOdagi ittifoqchisi Turkiyani g’azabga soldi.
Your browser doesn’t support HTML5
Qonunchilarning katta bosimiga qaramasdan shu kungacha 1915-yil voqealarini rasmiy ravishda genotsid deb tan olishdan bosh tortib kelgan Oq uy bu gal pozitsiyasini o’zgartirib maxsus bayonot chiqardi.
Unda Baydenning aytishicha, “Amerika xalqi 106 yil oldin yuz bergan qatliomda o’lgan barcha armanlarni xotirlaydi”.
“Ushbu bayonot aybdorni aniqlashga emas, balki o’sha voqealarning takrorlanmasligini ta’minlashga qaratilgan”, deyiladi bayonotda.
Qaror ramziy bo’lgani bilan AQSh-Turkiya munosabatlariga jiddiy zarar yetkazishi kutilmoqda.
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho’g’lining “Twitter” orqali bildirishicha, “Turkiya populizm maqsadida qilingan ushbu bayonotni butunlay inkor etadi”.
Turkiya Usmoniylar imperiyasida yashagan ko’plab armanlar Birinchi jahon urushi paytida usmoniy kuchlar bilan to’qnashuvlarda o’lganini tan oladi, biroq qarshi taraf keltirayotgan raqamlarga, qirg’in davlat tomonidan ataylab uyushtirilgani haqidagi da’volarga e’tiroz bildiradi.
Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan iste’foga chiqishdan oldin Baydenga maktub yo’llab, dunyodagi barcha armanlar Oq uy qarorini olqishlaganini aytdi.
Baydenning bayonoti Yerevanda ommaviy xursandchiliklarga sabab bo’ldi.
Anqarada esa Tashqi ishlar vaziriligi AQSh elchisi Deyvid Satterfildni chaqirtirib, unga norozilik notasini topshirdi. Qo’shma Shtatlarning bunday qadami Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’anga muxolif partiyalarni hukumat bilan birdam bo’lishga majburladi.
Erdog’an matbuot kotibi va maslahatchisi Ibrohim Qalinning “Reyter” axborot agentligiga aytishicha, Baydenning genotsid haqidagi bayonoti afsuslanarli hol bo’lib, Anqara yaqin oylarda bunga turli yo’llar bilan javob beradi.
Qo’shma Shtatlar Suriya va Iroqdagi harbiy amaliyotlarni amalga oshirish uchun Turkiyaning “Injirlik” harbiy-havo bazasidan foydalanib turadi. AQSh bazadan haydaladimi, yo’qmi, hozircha noma’lum.
AQSh va Turkiya so’nggi yillarda turli mavzularda chiqisha olmayapti, munosabatlarda sovuqlik mavjud.
Xususan, Anqara Rossiya havo mudofaasi sistemasini sotib olgani Vashingtonga yoqmayapti. Suriyada AQSh kurdlarni qurollantirib qo’llab-quvvatlagani esa Turkiyaga.
2016-yilda Turkiyada davlat to’ntarishiga harakatda AQShda yashovchi sobiq hamkori Fathulla Gulenni ayblagan Erdog’anning uni ekstraditsiya qilish talabini Vashington qondirmagani ham ziddiyatlarga sabab bo’lgan omillardan.
"Endi ushbu masalalarga yechim topish yanada qiyinlashadi. Bundan keyin AQSh bilan har bir ishimizni mana shu afsuslanarali bayonot doirasida ko’ramiz”, - dedi Ibrohim Qalin.
Vazir Chavusho’g’lining aytishicha, Turkiyada o’z tarixini Amerikadan o’rganishga ehtiyoj yo’q.
“Siyosiy opportunizm tinchlik va adolatga nisbatan eng katta xoinlikdir”, - dedi u.
Baydenning bayonotini nafaqat Armanistonda, balki AQShda yashovchi armanlar ham olqishlab ko’chaga chiqdi.