Oq uydagi faoliyatining ilk 100 kuni bo’yicha Kongressda hisobot bergan AQSh Prezidenti Jo Bayden Xitoy bilan munosabatlarga ham to’xtaldi. Uning aytishicha, Xitoy 21-asrda Amerikaning asosiy raqibi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Xitoy Prezidenti Si Zinpinga raqobatni olqishlashimizni, mojaro tarafdori emasligimizni aytdim. Shu bilan birga, Amerikaning dunyo bo’ylab manfaatlarini himoya qilishimni ham aytdim”, - dedi Bayden.
Bayden ma’muriyati Xitoyni qo’shni davlatlarga harbiy qudrati bilan dag’dag’a qilmaslikka, shaffof bo’lmagan savdo amaliyotlaridan voz kechishga, inson huquqlarini poymol etmaslikka bir necha bor chaqirgan.
Ko’p tomondan bu Tramp yondashuvining davomidir. Bunday siyosat natijasida AQSh-Xitoy aloqalari eng quyi nuqtaga tushgan.
Bayden yondashuvining bir xususiyatli tomoni shundaki, u Trampdan farqli o’laroq, Xitoyga qarshi harakatlariga Osiyodagi ittifoqchilarni ham jalb qilmoqda.
Bayden yaqinda Xitoyga da’vosi bor mamlakatlar rahbarlarining norasmiy ittifoqi sammitini ilk bor o’tkazdi.
Guruhdagi davlatlarning ko’pi Pekin bilan to’g’ridan-to’g’ri to’qnashuvga botinmayapti. Tahlilchi Robert Kellining aytishicha, Amerika ittifoqchilarini Vashingtondagi siyosiy turbulentlik tashvishga solmoqda.
“Ko’plar Tramp hokimiyatda qolarmikan, Amerika hayotida jiddiy burilish bo’ldimikan yoki jarayonlar vaqtinchalikmikan deb kutishni afzal ko’rdi. Ammo Tramp saylovda mag’lub bo’ldi”, - deydi Janubiy Koreyadagi Pusan milliy universiteti professori.
Bayden o’z murojaatida Amerika xalqaro sahnaga qaytibgina qolmay, unda qolishini aytdi.
Biroq Bayden berayotgan bunday kafolatlarga qaramasdan, ayrim ittifoqchilar Qo’shma Shtatlar “Amerika manfaatlari birinchi o’rinda” degansiyosatdan voz kechganiga ishonmayapti, deydi janubiy koreyalik olim Pak Von Gon.
“Janubiy Koreya va AQShning boshqa ittifoqchilari, ayniqsa liberal demokratik mamlakatlar, o’zgaruvchan dunyo tartibiga tayyor turishi kerak. Hozir AQSh qudrati so’nib borayotganiga guvohmiz. Dunyo tartibini tiklash bilan birga Amerikadan keyingi tartibni qanday yaratishimiz mumkin? AQSh ittifoqchilari uchun mana shu hozir muhim savol”, - deydi Ixva ayollar universiteti professori.
Bayden nafaqat Osiyoni, balki butun dunyoni Amerikaning yana ishonchli ekaniga ishontirishdek muhim vazifa bilan yuzlashmoqda.