Qo'shma Shtatlar Yevropadagi ittifoqchilarini Rossiyadan ogoh bo'lishga undayapti.
Shveytsariyaning Davos shahrida Jahon iqtisodiy forumida so'zlagan Vitse-prezident Jo Baydenga ko'ra, Kreml AQShda bo'lgani kabi dunyoning boshqa nuqtalarida ham saylov natijasiga ta'sir qilishga harakat qilishi mumkin.
"Yevropaning ko'plab mamlakatlarida bu yili saylovlar o'tadi. Rossiya demokratik jarayonga aralashishini kutavering", - deydi Bayden.
Rossiyaning maqsadi, deydi u, "liberal xalqaro tizimni" barbod qilib, qudratli davlatlar kichik qo'shnilariga mushtini ko'rsatadigan davrlarga qaytishdir. Bayden Qrim bosib olingani, Kreml energiya zaxiralarini qurol qilib ishlatishi va propagandani misol qilib keltirdi.
Rossiya Donald Trampning g'alabasiga ko'maklashish maqsadida kiber-xurujlar uyushtirganini inkor etadi. Ammo Amerikaning 17 razvedka idorasi shunday xulosaga kelgan.
Vashington NATO doirasidagi ittifoqchilarini aloqalar mustahkam bo'lib qoladi, deya ishontirmoqda. Saylov kampaniyasi chog'ida Donald Tramp NATOni yuritishda boshqalar ham moliyaviy hissasini oshirsin, aks holda AQSh ularni himoya qilmaydi, deb ta'kidlagan.
Baydenning aytishicha, Yevropa energetik tobelikdan qutulish tomon qadam tashlashda davom etishi, hukumatlar kiber xavfsizlikni va dezinformatsiyaga qarshi kurashni kuchaytirishi lozim.
Bugungi xalqaro vaziyat mavhum va beqaror. AQSh xalqaro sahnada muhim rol o'ynashda davom etadi, ammo dunyodagi jamiki muammolarni hal etish faqatgina bizga bog'liq emas, deydi AQSh vitse-prezidenti.