Bayden ilk xorijiy safarga - Yevropaga otlandi

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Jo Bayden ilk xorijiy safarga otlanmoqda. U Buyuk Britaniya va Yevropaning boshqa mamlakatlarida bo’lib, uchrashuvlari chog’ida transatlantika hamkorligining ahamiyatiga urg’u beradi, koronavirus, iqlim o’zgarishi hamda Xitoy va Rossiya tahdidlariga qarshi kurash xususida fikrlarini bildiradi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 9-iyun, 2021-yil

7-iyun kuni Oq uyda Bayden bilan ko’rishgan NATO Bosh kotibi Yens Stoltenbergning aytishicha, Yevropa uni quchoq ochib kutib oladi.

“Hech bir yirik mamlakatning NATOda AQShchalik do’stlari ko’p emas”, - dedi u.

Oq uyning bildirishicha, Bayden Amerikaning eski qit’adagi demokratik ittifoqchilari bilan hamkorlikni kuchaytirish niyatida.

“AQSh-Yevropa Ittifoqi sammitida, prezident va Yevropa rahbarlari savdo va texnologiya bobidagi yondashuvlarimizni muvofiqlashtirishga urg’u beradi, toki Xitoy yoki boshqa avtokratik davlatlar 21-asrda savdo va texnologiya qoidalarini joriy etmasin”, - deydi AQSh Milliy xavfsizlik maslahatchisi Jeyk Sullivan.

Biroq vashingtonlik tahlilchi Brayan Katulisning aytishicha, Xitoy bilan muloqotga kelganda AQSh va Yevropa manfaatlari bir-biriga doim ham to’g’ri kelmasligi mumkin.

“Bu mamlakatlar Xitoyning kuchayayotganini, iqtisodiyotining ko’tarilayotganini, texnologiyasi va imkoniyatlarini ko’rmoqda. Ular AQSh bilan munosabatlarni olib borish bilan birga Xitoy bilan ham aloqa qilishni istaydi. Germaniya kabi mamlakatlar doim ham AQSh bilan birday fikrlaydi deb o’ylamayman”, - deydi Katulis.

Unga ko’ra, Bayden AQSh va Yevropaning mushtarak qadriyatlariga urg’u berib, Rossiya va Xitoy bilan umumiy qadriyatlar yo’qligiga ishora qiladi.

Bu Baydenning AQSh prezidenti sifatida birinchi safari. Yevropa kabi dunyo demokratiyasining boshqa markaziga borish u uchun muhimdir, ko’p tomonlama uchrashuvlar muhim. Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson, Turkiya Prezidenti Erdog’an kabi rahbarlar bilan ikki tomonlama muhim uchrashuvlarini kuzatish ham qiziq bo’ladi”, - deydi ekspert.

Jonson Katta Yettilik guruhi majlisiga mezbonlik qiladi. Bayden u bilan uchrashuvdan so’ng Bryusselga borib, Yevropa Ittifoqi va NATO sammitlarida qatnashadi, so’ng Jenevada Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan ko’rishadi. Bayden Rossiyaga ham, Xitoyga ham inson huquqlari bobida bosim qo’yishga va’da bergan.

"Bayden va uning ma’muriyati Amerika siyosiy sahnaga qaytganini, iqlim o’zgarishi, COVID, Rossiya va Xitoy bilan global raqobat kabi muammolarga qarshi hamkorlikda turishga tayyor ekanini ko’rsatmoqchi. Bu ma’muriyat ittifoqchilarga muhtoj ekanini biladi”, - deydi Vashingtondagi “Atlantika kengashi” tahlil markazidan Mark Simakovskiy.