Qo’shma Shtatlar 31-avgust kuni Afg’onistondan eng so’nggi askarini chiqarib, o’z tarixidagi eng uzoq urushga yakun yasadi. Inson huquqlari faollari nafaqat evakuatsiyaga ulgurmagan afg’onlar, balki urush paytida Kubadagi Guantanamo qamoqxonasiga terrorizm gumoni bilan joylangan odamlar taqdiridan ham xavotirda.
Your browser doesn’t support HTML5
AQSh Afg’onistonda urushni 2001-yil oktabrida boshladi. 2002-yil yanvarida esa terrorga qarshi harbiy kampaniyaning ilk asirlari Guantanamoga yetkazildi.
"Bu shaxslarni maxfiy joyga ko’chirib, mutaxassislar tomonidan so’roqqa tutishni, zarur bo’lsa, terror harakatlari uchun sudlashni lozim topdik”, - degan edi o’shanda Prezident Jorj Bush.
Qamoqxona Kubaning Guantanamo ko’rfazida joylashgan AQSh harbiy-dengiz bazasiga qarashli bo’lib, mahbuslarni erkinroq usulda so’roqqa tutish imkonini berdi, deydi Vashingtondagi Jorjtaun universiteti tadqiqotchisi Kris Garriti.
“Qamoqxonadagi shaxslarga AQSh qonunlari taalluqli emas. Urush asirlarining maqomiga doir ko’plab xalqaro normalarga qaramay, AQSh dushman jangchilari degan toifani joriy etdi”, - deydi u.
Jorj Bushdan so’ng prezidentlikka kelgan Barak Obama ko’p munozaralarga sabab bo’lgan qamoqxonani yopishga va’da berdi, ammo ikki muddat prezidentligi davomida buning uddasidan chiqa olmadi.
Amaldagi rahbar Jo Bayden prezidentligining oxirigacha tergov izloyatorini yopishga ahd qilgan holda uni tekshirishni buyurdi.
Konstitutsiyaviy qonunchlik bo’yicha ekspert Jonatan Xafetsning aytishicha, Bayden ham Obama yuzlashgan to’siqlarga ro’baro bo’lmoqda.
“Nazarimda, Guantanamoni hoziroq yopishda, mahbuslarni sudlash uchun AQShga ko’chirishda muammo qator cheklovlarning mavjudligida. Mahbuslarni boshqa mamlakatlarga ko’chirishga ham to’siqlar bor. Ulardan qutulishni muhim deb hisoblayman”, - deydi Nyu-Jersi shtatidagi Seton Xoll xususiy universiteti olimi.
Kongressdagi respublikachi qonunchilarning bunga qarshiligi yana bir muhim omil, deydi sobiq diplomat va urush faxriysi, endilikda Vashingtondagi Xalqaro siyosat markazi tahlilchisi Mettyu Xox.
Unga ko’ra, Afg’onistondan tartibsiz evakuatsiya bo’yicha tanqidlardan so’ng Bayden terrorizm masalasida yumshoq bo’lib ko’rinishni istamaydi, ayniqsa bir necha Guantanamo sobiq mahbusining yangi Tolibon hukumatiga kiritilishidan keyin.
“Nazarimda, Jo Bayden yuzlashgan tanqidlar, afg’on hukumati qulashining amerikaliklar uchun halokatli tabiati va boshqa omillar uning bu urushlar va Guantanamo qamoqxonasi masalasi bo’yicha kelajakdagi qarorlariga kelganda tishining ancha o’tkirroq bo’lishiga, jumladan ancha konservativroq siyosat yuritishiga majburlaydi. Kobuldagi prezident saroyida tasvirlangan odamlardan biri Guantanamoning sobiq mahbuslaridan”, - deydi ekspert.
Tolibon hukumatiga yaqinda tayinlangan to'rt rasmiy Guantanamoda saqlangan edi, biroq jangarilar qo'lidagi AQSh harbiysi serjant Bou Bergdalning ozodligi evaziga 2014-yilda qo'yib yuborilgan.
Bular Nurulla Nuri - chegara va qabilaviy ishlar bo'yicha vazir; Abdul Haq Vosiq - razvedka xizmati rahbari; Hayrulla Hayr - axborot va madaniyat vaziri, Muhammad Fozil Mazlum - mudofaa vazirining o'rinbosari. Shuningdek, Guantanamoning sobiq mahbusi Muhammad Nabi Umari Xost viloyatiga hokim etib tayinlandi.
Ayni paytda Guantanamoda 39 mahbus qolgan, ba’zilari 11-sentabr xurujlaridan 20 yil o’tib, endi sudga tortilmoqda.