Bayden hujjatsiz muhojirlarning fuqarolik olishini osonlashtirmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Jo Bayden Amerika fuqarolari bilan turmush qurgan yuz minglab hujjatsiz muhojir va ularning farzandlariga fuqarolik uchun yo’l ochmoqda. Bayden buning noyabrda bo’ladigan saylovga aloqasi yo’qligini aytadi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 21-iyun, 2024-yil


Oq uyning so’nggi e’lon qilgan dasturiga ko’ra, AQShda kamida 10 yil yashagan 500 mingga yaqin odam hamda 21 yoshgacha bo’lgan yana 50 ming nafar bola deportatsiyadan xoli bo’ladi, ishlashga hamda doimiy yashashga ruxsat beruvchi hujjat olishga AQShni tark etmay ariza berishi mumkin bo’ladi.

Bungacha AQSh fuqarosi oilasining hujjatsiz vakili Amerika fuqaroligini olish uchun arizani AQShdan tashqariga chiqib berishi kerak edi. Jarayon ba’zan yillab vaqt olar, oilalar bir-biridan ajralib qolar edi.

Ko’pdan beri Amerikada hujjatsiz yashayotgan muhojirlarning ba’zilari shu hafta Oq uyga taklif etildi.

“Bu insonlar oxirgi 10 yil va undan ko’p davr mobaynida oila qurib, farzandiga ta’lim va diniy ilm berib, soliq to’lab, mamlakatimiz rivojiga hissa qo’shmoqda. Ular shuncha paytdan beri qo’rquv va mavhumlikda yashab kelishmoqda”, - dedi Bayden.

Immigratsiya joriy yilgi saylov kampaniyasida muhim mavzu. So’nggi 20 yilda esa muhojirlarning janubiy chegaradan o’tayotgani dolzarb muammo bo’lib kelmoqda.

Respublikachilardan prezidentlikka nomzod Donald Tramp Baydenni “migrantlar bosqini”da ayblayapti. Unga ko’ra, noqonuniy muhojirlar ko’plab jinoyatlarga qo’l urmoqda, inflyatsiyaga sabab bo’lyapti, kasalliklarning tarqalishi va terrorizmda ham shular aybdor.

"Inflyatsiyaning 50 foiziga uy-joy narxlarining ko’tarilgani sabab. Bu esa Jo Baydenning noqonuniy immigratsiya to’lqini va yuqori foiz stavkalarini deb bo’lyapti”, - deydi Tramp.

Muhojirlar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlarga ko’ra, tadqiqot natijalari Bayden siyosati benefitsiarlari har yili taxminan 13 milliard dollarlik xarid quvvati bilan Amerika iqtisodiyotiga yordam berayotganini ko’rsatmoqda.

“Bizning hisobimizcha, agar ularga bir necha yil ichida fuqarolik berilsa, bu raqam yiliga yana 5 milliard dollarga ko’payishi mumkin. Oq uy siyosati natijasida bu odamlar ularga taklif etilayotgan huquqiy maqom bilan hozir ular uchun imkonsiz bo’lgan ishlar bilan shug’ullanishi mumkin bo’ladi, iqtisodiyotga ancha foydasi tegadi. Bundan ularning oilalari va jamiyat ham foyda ko’radi”, - deydi aholishunos Fillip Konnor.

Amerika biznes muhojirlari koalitsiyasining rahbari Rebekka Shi uning onasi salkam 20 yildan beri hujjatsiz yurganini aytadi.

“Onam Xitoyda shifokorlik qilgan, ammo bu yerda 19 yil qonuniy maqomsiz restoranlarda, qariyalar uylarida ishladi, ularning hojatlariga qarashdi, o’z kasbi bilan shug’ullana olmadi. Ammo unga grin karta taklif etilishi bilan tibbiy sohada ishlash imkoniga ega bo’ldi. Amerikada yillar davomida yashayotgan odamlarga hujjat berilsa, ularning iqtisodiy salohiyati ishga solinsa, bundan har bir amerikalik foyda ko’radi”, - deydi ayol.