Pandemiyadan qaddini rostlayotgan dunyoning ko’p mamlakatlari inflyatsiyaga yuz tutmoqda. AQSh Prezidenti Jo Bayden oziq-ovqat, ijara haqqi, yoqilg’i narxlarini tez tushira olmasligini tan oldi.
Your browser doesn’t support HTML5
Qo’shma Shtatlar koronavirus pandemiyasidan tiklanayotgan bir paytda ikki xil iqtisodiy voqelikka yuz tutmoqda. Birida ishsizlikka barham berilmoqda, maoshlar oshmoqda, ikkinchisida esa narxlar ko’tarilgan, ayniqsa yoqilg’iga.
Kongressda ko’pchilikni tashkil etgan demokratlar inflyatsiya sabab noyabr oyida bo’ladigan oraliq saylovni boy berishdan xavotirda ekan, Prezident Bayden narxlarni qisqa muddatda tushirishga ojiz ekanini tan oldi. Saylovchilarning atigi 28 foizi Baydenning inflyatsiyaga qarshi siyosatini qo’llab-quvvatlamoqda.
Davlat rahbari so’nggi oylarda pul-kredit siyosatini qattiqlashtirgan Federal zaxira bankiga ishonch bildirdi.
Mutaxassislar inflyatsiyaga qarshi kurash tanazzulga yetaklashi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda. Transport vaziri Pit Buttijij iqtisodiyot o’sishda davom etishini aytdi.
“So’nggi bir yilda erishilgan o’ta tez iqtisodiy o’sishni ko’rmaysiz, shunga qaramay, iqtisodiy o’sish kuchli bo’lishini kutyapmiz”, - dedi u.
Yoqilg’i narxlari hukumatni ayniqsa xavotirga solmoqda. Narx so’nggi bir yilda yuqoriga qarab ketayotgan bo’lsa-da, Ukrainadagi urush va G’arb sanksiyalari oqibatida Rossiyada neft ishlab chiqarish sur’atining tushishi sabab benzin yanada qimmatlagan. Respublikachilarga ko’ra, Baydenda inflyatsiyani to’xtatishga reja yo’q.
“Bayden badavlat odam. Inflyatsiyani qanday jilovlashni bilmaydi. Inflyatsiya uchun xatosini boshqalardan, jumladan Putindan ko’rgani-ko’rgan”, - deydi senator Rik Skot.
Bayden ma’muriyati neft ishlab chiqaruvchi davlatlarning keyingi ikki oyda ishlab chiqarishni oshirish haqidagi qarorini diplomatik yutuq deb olqishladi, biroq aslida shunday bo’ladimi, yo’q, hozircha ma’lum emas.