AQSh qonunchilari Prezident Jo Bayden taklif etgan 2 trillion dollarlik infratuzilma islohoti loyihasini shu hafta muhokama etishi kutilmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Davlat rahbari har ikki yirik partiyaga a’zo qonunchilar bilan ko’rishib, yo’l va ko’priklarni ta’mirlash, internet tezligini oshirish, tezyurar poyezd qatnovini yo’lga qo’yish va boshqa loyihalarni o’z ichiga olgan tashabbusini moliyalash masalasi haqida gaplashadi.
Bunga erishish uchun Bayden oldida ikkita yo’l turibdi. Infratuzilma paketi bo’yicha muxolifatdagi respublikachilar bilan muzokara orqali kelishish yoki demokratlarning Kongressda son jihatdan ustunligiga tayanib, muxolifat e’tiroziga qaramasdan masalani ovozga qo’yish.
Garchi 100 a’zolik Senatda 50 demokrat va 50 respublikachi qonunchi bo’lsa-da, Senat raisi vazifasini o’tovchi demokrat vitse-prezident Kamala Harris hal qiluvchi ovozga ega.
Bayden tashabbusni har ikki partiya vakillari qo’llab-quvvatlashini xohlayapti.
“Prezident muzokaraga tayyor. Rejasi qarshiliklarga uchrashini, tuzatilishini biladi. Murosa qilish shunaqa bo’ladi. Tashabbus yirik bir paket sifatida qabul qilinadimi yoki kichik paketlarga bo’linadimi, respublikachilar bilan muloqot chog’ida aniq bo’ladi”, - deydi Energetika vaziri Jennifer Granxolm.
Respublikachilarning Kongressdagi yetakchilari Bayden paketining hajmidan xavotirda. Tashabbusni moliyalash uchun Bayden xususiy kompaniyalarga soliqlarni 21 foizdan 28 foizgacha oshirmoqchi. Bu esa sobiq prezident Donald Tramp 4 yil oldin kompaniyalarga bergan soliq imtiyozlari bekor bo’ladi degani.
“Prezident bilan muzokaraga tayyormiz. Ammo trillion dollarlik raqam men uchun o’ta ko’p. Bu galgi muzokaralar iqtisodiy yordam paketiga doir muzokaralardan farq qiladi degan umiddaman”, - deydi respublikachi senator Rojer Viker.
“Amerika qurilish muhandislari jamiyati” eng so’nggi hisobotida mamlakat infratuzilmasi ahvolini -3 ga baholagan. Unga ko’ra, yo’llar, ko’priklar xarob ahvolda, aeroportlar, suv ta’minoti tizimlari, jamoat transport sistemasi ta’mirga muhtoj.