Bayden AQShni Eron bilan imzolangan yadroviy dasturga qaytarmoqchi

  • Amerika Ovozi

AQShda prezidentlikka saylangan Jo Bayden Eron 2015-yilda imzolangan xalqaro yadroviy bitimga amal qilishni boshlasa, Qo’shma Shtatlar unga qaytishini ma’lum qildi. Prezidentlik muddati 20-yanvarda tugayotgan Donald Tramp shartnomadan 2018-yil mayida chiqqan edi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 7-dekabr, 2020-yil

Davlat kotibi Mayk Pompeoga ko’ra, Barak Obama ma’muriyati imzolagan hujjat Eronni yadro qurolini yaratish rejasidan qaytarishga ojizlik qiladi.

“Ko’rfazdagi ittifoqchilarimiz yordamida Eronga diplomatik, harbiy va iqtisodiy bosimni kuchaytirib, uni yakkalaymiz. 77 bor sanksiya qo’lladik, 1500 ga yaqin yuridik va jismoniy shaxslarni nishonga olganmiz”, - dedi Pompeo.

Turli eksperlar ushbu sanksiyalar samarasini turlicha baholaydi.

“Bu choralar Eronning turli guruhlarni moliyalash salohiyatini o’ta samarali cheklab, mintaqani izdan chiqarish harakatiga pand berdi”, - deydi “Xeritij jamg’armasi”dan Jeyms Karafano.

“Bunday siyosat oxir-oqibatda xato ekanini ko’rdik. Oddiy eronliklar jabr ko’rmoqda, biroq Eron tashqi siyosati umuman o’zgargani yo’q, yadro dasturi ham rivojlanishda davom etdi”, - deydi Vashigtondagi Kvinsi nomidagi Mas’uliyatli davlatchilik instituti vitse-prezidenti Trita Parsi.

Kuzatuvchilarga ko’ra, 20-yanvardan keyin Oq uyga kirayotgan Jo Bayden va uning jamoasi uchun koronavirusga qarshi kurash ustuvor vazifa bo’ladi. Yangi ma’muriyat Eron masalasi bilan qachon va qanday shaklda shug’ullanadi?

“Eronga doir har qanday qaror katta siyosiy turtkiga muhtoj. Bayden jamoasi ushbu siyosiy kapitalni darrov ishga soladimi, yo’qmi degan savolni o’rtaga tashlash tabiiydir”, - deydi “Yevrosiyo guruhi” tashkilotidan Genri Roum.

Eron Tashqi ishlar vaziri Javod Zarif Tramp ma’muriyatini adashgan rejim deb atadi. Unga ko’ra, agar Bayden Amerika siyosatiga tuzatish kiritib, yadro bitimiga qaytsa, Eron unga to’liq amal qiladi.