Bayden Iroqda iqtisodiy taraqqiyot, IShIDga qarshi kurash haqida gaplashdi

  • Amerika Ovozi

Vitse-prezident Bayden Iroqqa keldi

Payshanba kuni AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden Iroqda bo’lib, “Islomiy davlat”ga qarshi kurash qanday kechayotgani haqida mamlakat rahbarlari bilan gaplashdi.

Vitse-prezident idorasi tarqatgan bayonotda aytilishicha, "Bayden Iroqda iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, mintaqaviy hamkorlikni oshirish xususida ham fikr almashdi”.

Bayden so’nggi bor Iroqda 2011-yilda bo’lgan. Xavfsizlik choralari sabab uning bu galgi safari oldindan e’lon qilinmadi.

Bag'dodda Bayden Bosh vazir Haydar Abadiy bilan muloqot qildi. Abadiy hukumatni isloh qilishga harakat qilar ekan, shia diniy yetakchisi Muqtada al-Sadrning minglab tarafdorlari so’nggi kunlarda namoyish qilib, kadrlarni hukumatga siyosiy rahbarlarga sadoqatiga emas, balki layoqati va professional darajasiga qarab tayinlashni talab qilmoqda.

Seshanba kuni Iroq parlamenti Vazirlar mahkamasining bosh vazir tomonidan taklif etilgan qisman yangi tarkibini ma’qulladi.

Yangi hukumatda muhim vazirliklar mustaqil kadrlarga topshiriladi, bu bilan, bosh vazir fikricha, tanish-bilishchilik, korrupsiyaning oldi olinadi.