AQSh Prezidenti Jo Bayden Yaqin Sharqqa safari doirasida bugun Isroilga bordi. Bir necha kunlik safari doirasida, shuningdek, Falastin va Saudiya Arabistonida ham bo’ladi.
Your browser doesn’t support HTML5
Kuzatuvchilarga ko’ra, Bayden qirollik bilan yomonlashgan aloqalarni tiklashga harakat qiladi, Saudiya Arabistonidan Neft ishlab chiqaruvchi davlatlar tashkilotidagi hamkorlaridan ishlab chiqarishni oshirishga ko’ndirishni so’rashi kutilmoqda.
Ukrainadagi urush va Rossiyaga qo’yilgan sanksiyalar jahon bozorida neft va gazning qimmatlashishiga olib keldi. AQShning o’zida ham benzin va dizel narxlari ko’tarilib ketgan.
Bayden, shuningdek, Yaqin Sharqdagi ittifoqchi davlatlar xavfsizligini kuchaytirish, Eron yadro dasturi xususida ham gaplashadi.
Isroilda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.
Yahudiy davlati Baydenning safari chog’ida Isroil va Saudiiya Arabistoni o’rtasida diplomatik aloqalar o’rnatilishiga umid qilmoqda. Ikki davlat qog’ozda bir-biriga dushman bo’lsa-da, Eron Isroil va Saudiya Arabistoni uchun kattaroq yov hisoblanadi va Tehronning mintaqadagi salbiy siyosatiga qarshi turish uchun bu ikki mamlakat maxfiy ravishda aloqa qilib kelgan.
Ayrim kuzatuvchilar va huquq faollari Baydenning Saudiya Arabistoniga safarini qoralamoqda. Qirollik inson huquqlari buzg’unchisi sifatida tanilgan. Uning qamoqxonalarida ko’plab odamlar nohaq saqlanayotgani aytiladi.
Shulardan biri Malik al-Dovaysh bo’lib, qirollikni tanqid qiluvchi da’vatlari uchun 2016-yilda qamalgan otasini yillar davomida ozod etishga chaqirib, shu oy uning o’zi ham hibsga olindi. Dovayshning qamoqqa olinishidan oldin yozib qoldirgan videoda aytishicha, uning otasi nohaq qamalgan, hatto sudlanmagan.
Bunday odamlarning qarindoshlari Oq uyga maktublar yo’llab, Baydenni qirolikka tashrifi chog’ida inson huquqlari muammolarini ko’tarishga da’vat etgan, biroq bu masala tashrif kun tartibida bo’lmasligidan xavotir olishmoqda.
Saudiya Arabistoni mamlakatda siyosiy mahbuslar borligini inkor etib kelarkan, ekstremizm, korrupsiya, milliy xavfsizlikka tahdidlarga aloqador odamlar qamoqda ekanini ta’kidlaydi.