Atrof-muhit muhofazachilari o’nlab yillar davomida atom elektrostansiyalarini tanqid qilib kelgan. Xavfsizlik bilan bog’liq xavotirlarga qaramay, Bayden ma’muriyati energiyaning bu manbaiga tayanishga qaror qilgan ko’rinadi. Amerikada 2050-yilgacha uglerodsiz iqtisodiyotga erishish maqsadi yo’lidagi ish bu.
Your browser doesn’t support HTML5
Ancha eskirgan bosimli suv reaktorlarida ishlaydigan Shimoliy Anna elektrostansiyasi Virjiniya shtatining elektr quvvatiga bo’lgan ehtiyojining 20 foizini qoplaydi.
Mamlakatdagi salkam 100 ta atom elektrostansiyasi Qo’shma Shtatlarning issiqxona gazlari chiqindisini belgilangan miqdorga tushirishda muhim rol o’ynaydi, deydi Prezident Baydenning iqlim bo’ycha maslahatchisi Jina Makkarti.
“Eski yadro reaktorlari ko’pga yetmasa kerak. Biroq ularning xavfsizligini ta’minlash, issiqxona gazlari chiqindisini past darajada ushlab turish uchun barqaror maromda ishlab turishi muhim”, - deydi rasmiy.
Atom elektrostansiyasi ishonchli bo’libgina qolmay, nisbatan ixcham hamdir. Bir gigavattli reaktor ishlab chiqaradigan quvvatni yangilanuvchi energiya manbalaridan olish uchun bitta atom elektrostansiyasi joylashgan maydondan bir necha yuz marta katta joyga ko’plab quyosh panellari yoki shamol turbinalarini o’rnatish kerak bo’ladi.
“Yadro energiyasining ugleroddan xoli ekani haqida ko’p eshitmaymiz. Nazarimda, bunga qisman o’zimiz sababchimiz, chunki ma’lumotni yaxshiroq tarqatmaymiz. Yadro energiyasi haqida ko’p yaxshi ma’lumot berishimiz mumkin”, - deydi “Dominion enerji” kompaniyasi vakili Den Stoddard.
O’nlab yil davomida atrof-muhit muhofazachilari atom elektrostansyasining xavfi haqida ogohlantirib keldi. Xususan AQShning Tri Mayl oroli, Ukrainaning Chernobil shahri, Yaponiyaning Fukusima shahridagi atom elektrostansiyalarida yuz bergan fojialarga ishora qilib.
Ular, shuningdek, radioaktiv chiqindilarni uzoq muddat qayerda va qanday qilib xavfsiz saqlashga doir masalalarni ham ko’targan.
AQShda bir paytlar atom elektrostansiyariga qarshi faol tashviqot olib borgan “Grinpis” tashkiloti ortiq bu masalada jonbozlik ko’rsatayotgani yo’q. Guruh vakillari “Amerika Ovozi” bilan intervyu o’tkazish taklifini qabul qilmadi, biroq bayonot jo’natib, unda “atom elektrostansiyalarining qimmat va xavfli” ekanini, “yadro ifloslanishi ko’zga ko’rinmagani bilan toza ekanini anglatmasligi”ni ta’kidladi.
Tashkilot Bayden ma’muriyatiga pulni yangi atom elektrostansiyalariga sarmoya qilgandan ko’ra qazib olinadigan yoqilg’idan bosqichma-bosqich voz kechib, yangilanuvchi energiya hisobiga ishlaydigan iqtisodiyotga o’tishni tavsiya qildi.
Yadro sanoati bunday fikrlash eskirganini bildiradi.
“Bu stansiyalar – ba’zilariga 50 yil bo’ladi yaqinda – tarixda bu qadar xavfsizroq va ishonchliroq ishlamagan hali. AQSh yadro sanoati bu masalada ancha ilg’or”, - deydi Stoddard.
Atom stansiyalari chiqindisiz elektr quvvati manbai hisoblanadi. Biroq ularning umri qisqa bo’lib, oxirgi paytlarda AQShda yangi stansiyalar kam qurilmoqda. Mavjudlarini yopish Baydenning toza energiya maqsadlariga pand berishi mumkin.