Bugun Shveysariyada ikki yirik davlat rahbarlari – AQSh va Rossiya prezidentlari Jo Bayden va Vladimir Putin uchrashdi. Bayden Putin bilan so’nggi marta 10 yil oldin ko'rishgan. O’shanda Bayden vitse-prezident, Putin esa bosh vazir edi.
Your browser doesn’t support HTML5
Bu galgi uchrashuv Jenevada 18-asrda qurilgan La-Granj villasida o’tdi.
Bayden bu uchrashuvdan oldin Angliya va Belgiyada bo’lib, “Katta Yettilik”, NATO va Yevropa Ittifoqi rahbarlari bilan muloqot qildi, ularni AQShning ushbu guruh va tashkilotlarga sodiqligida ishontirishga harakat qildi. Ma’lumki, sobiq prezident Donald Tramp ittifoqchilarni ko’p tanqid qilgan, ba’zilari bilan aloqalari sovuq bo’lgan.
Mart oyida jurnalistlar Baydendan “Putin qotilmi” deb so’rashganida, Bayden ikkilanmasdan “ha” deb javob bergan edi, biroq xuddi shu savol unga bu hafta berilganida Bayden mujmal javob bilan cheklandi.
Putin 2001-yilda AQSh Prezidenti Jorj Bush bilan Sloveniyada ilk bor uchrashganida Bush “Putinning ko’zlariga qarab, uning qalbini ko’rdim” degan edi. 10 yil o’tib Putin bilan uchrashgan Bayden Rossiya rahbariga buning aksini, ya’ni qalbi yo’qligini aytganini bildirgan. Bir necha kun oldin AQShning NBC telekompaniyasiga bergan intervyusida Putin bunday gap bo’lganini eslay olmadi.
NATO sammitidan so’ng muxbirlar Baydendan Putin haqidagi fikrini so’raganida AQSh prezidenti uni “qattiq, aqlli va munosib raqib” deb atadi.
Putin ikki davlat o’rtasida talaygina masala va muammolar to’planib qolganini aytib, Jeneva uchrashuvi samarali o’tishiga umid qilgan.
Bayden muammolarni muhokama qilishdan tashqari o’zaro manfaatli va ikki davlat hamkorligini talab qiluvchi masalalar xususida ham gap ketishini ma’lum qildi. Masalan, COVID-19 va iqlim o’zgarishiga qarshi kurash, qurol nazorati.
“Yuzma-yuz uchrashish yaxshiroqdir”, - dedi Bayden.
Har ikki rahbarning tan olishicha, AQSh-Rossiya munosabatlari ayni damda eng quyi nuqtada. Aloqalar 2014-yilda Rossiya Qrimni o’ziga qo’shib olishi ketidan yomonlasha boshladi. Rossiyaning Suriyadagi harbiy harakatlari, sobiq rus josusining Britaniyada zaharlangani, AQShda 2016-yil prezident saylovlariga aralashish bilan bog’liq da’volar, kiberhujumlar, muxolifatchi Aleksey Navalniyning qamalishi va boshqa voqealar ham munosabatlarning sovuqlashishiga, Rossiyaga qarshi qator sanksiyalarga sabab bo’ldi.
Putin Jenevaga Sochidan uchib bordi. Ko’plab jurnalistlar ushbu uchrashuvni kuzatgan, yoritgan. Kremlning bildirishicha, sammitga mezbonlik qilayotgan Shveysariya Prezidenti Gi Parmelen Putin bilan alohida muloqot qilmoqchi edi, biroq Kreml rad javobini berdi. Natijada mezbon faqat Bayden bilan ko’rishdi, Putinni esa olqishlab, “tinchlik shahriga xush kelibsizlar” dedi.
Betaraf maqomga ega Shveysariya 2014-yilda Rossiya Qrimni o’ziga qo’shib olganidan so’ng joriy etilgan G’arb sanksiyalariga qo’shilmagan.
Ayrim kuzatuvchilar AQSh Prezidenti Ronald Reygan va Sovet Ittifoqi rahbari Mixail Gorbachevning 1985-yil noyabrida Jenevadagi uchrashuvini esga oldi. Ikki arbob o’shanda yadro qurollarini yanada qisqartirishga kelishib olgan edi.
Bayden va Putin nimaga kelishgani hozircha noma'lum. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bu uchrashuvdan ko’p narsa kutmang deya ta’kidlagan. Shunga qaramasdan ayrim masalalarda, masalan, mahbuslarni ayirboshlash va elchixonalar ishini jonlantirish xususida kelishuvga erishilishi mumkinligi aytilmoqda.
Rossiyalik ayrim tahlilchilar nazarida, sammit ketidan AQSh Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar e’lon qilishi mumkin. Yana ba’zilarining aytishicha, Bayden Xitoyga qarshi siyosatni kuchaytirish maqsadida Rossiya bilan yarashishga intilmoqda.
Bayden-Putin uchrashuvi ikki qismdan iborat bo'ldi. Arboblar avval yuzma-yuz uchrashdi, qisqa tanaffusdan so’ng muloqotga ikki davlat delegatsiyalari qo’shildi. Ikki taraf jami 3 soat gaplashgani aytiladi.
Sammitdan keyingi matbuot anjumanida muxbirlarga bilan muloqot qilgan Putinning aytishicha, u Bayden bilan elchilarni elchixonaga qaytarish, barqarorlik, mintaqaviy mojarolar, savdo aloqalari va Arktikada hamkorlik xususida gaplashgan, kiberxavfsizlik masalasida konsultatsiyalar boshlashga kelishgan.
"AQSh manbalariga ko'ra, kiberhujumlarning aksariyati AQSh kibermaydonida sodir etiladi. Keyingi o'rinlarda Kanada, Lotin Amerikasining ikki mamlakati va Birlashgan Qirollik. Rossiya bu ro'yxatda yo'q", - dedi Putin Rossiyaning kiberxurujlarga aloqasini yana bir bor inkor etarkan.