AQSh Prezidenti Jo Bayden al-Qoidaga aloqador al-Shabab jihodchi guruhiga qarshi maxsus amaliyot o’tkazish uchun Afrikaning Somali mamlakatiga 500 ga yaqin askar yuborishga qaror qildi.
Somalini 2012-yildan 2017-yilgacha boshqargan 66 yashar Hasan Shayx Mohamud prezident saylovida amaldagi rahbar Muhammad Abdullahi Muhammadni mag’lub etib, shu hafta prezidentlikka qaytdi. Davlat rahbarini faqat qonunchilar saylagan.
Baydenning qarori 2020-yilda Somalidan 700 harbiyni chiqargan sobiq prezident Donald Tramp siyosatidan tub burilishdir.
“Oz sonli qo’shinlarni safarbar qilish qarori ularning xavfsizligi va samaradorligini oshirishni inobatga olgan”, - deydi Oq uyning yangi va ilk qora tanli matbuot kotibasi Karin Jan-Pyer.
Bayden ma’muriyati qo’shinlar Somaliga qit’adagi AQSh bazalaridan tanlanishini ma’lum qildi. Ular Somalining qayerida joylashishi, qancha muddat bo’lishi va kimni nishonga olishi hozircha ma’lum emas.
Qo’shma Shtatlar al-Shabab guruhini al-Qoidaning eng katta va eng boy filiali deb biladi. Oy boshida jangarilar Somali janubida Afrika Ittifoqi tinchlikparvar qo’shinlariga hujum qilib, burundilik kamida 30 askarni yo’q qildi.
1993-yilda Mogadishuda Amerikaning 18 askari halok bo’lganidan beri AQSh Afrikaning bu qismida ancha faol edi.
“Al-Shabab hali ham tahdiddir va hatto kuchaymoqda. Biz maslahat va yordam berish, tayyorgarlikdan o’tkazish missiyamizni davom ettiramiz”, - deydi Pentagon matbuot kotibi Jon Kirbi.
Siyosiy tahlilchilar mamlakatdagi muammolarni nafaqat harbiy, balki siyosiy vositalar bilan hal qilish zaruratiga urg’u bermoqda.
“Havo hujumlari al-Shababni jilovda ushlab turishga yordam bergan, biroq havo hujumlari to’xtashi bilan jangarilar qayta jonlanganini ko’rdik. Somali hukumati jamiyat bilan muloqotda bo’lishi kerak. Elita ichida siyosiy kelishuvga ehtiyoj bor. Klanlar muammosini hal qilish kerak. Al-Shababga qo’shilayotgan yoshlar arz-dodini tinglab, muammolarini hal qilish lozim”, - deydi Somalini tahlil qiluvchi “Hiraal instituti” ijrochi direktori Samira Gaid.