AQShdagi musulmon tashkilotlar Bayden ma’muriyatini Yaqin Sharqdagi ixtilofda Isroil tarafini olayotganlikda ayblarkan, yakshanba kuni Oq uy tashkillashtirgan virtual Ramazon hayiti tadbirini boykot qildi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Amerika-Islom aloqalari kengashi AQShdagi boshqa musulmon tashkilotlar kabi Oq uydagi tadbirda qatnashmaslikka qaror qildi. Bayden ma’muriyatining G’azo va Sharqiy Quddusda falastinliklar huquqlarining poymol etilishiga munosabatidan norozimiz”, - deydi tashkilot vakili Robert Makkou.
1996-yildan beri Ramazon oyida Oq uyda iftor berish an’anaga aylangan. Pandemiya tufayli Prezident Bayden bu yili virtual hayit o’tkazishga qaror qildi.
“Ma’muriyatim Falastin, Isroil va mintaqadagi hamkorlar bilan tinchlik yo’lida muloqot qilishda davom etadi”, - dedi AQSh rahbari.
O’tgan hafta oxirida Amerikaning Vashington, Nyu-York, Boston kabi yirik shaharlarida minglab odam Isroil hukumatining falastinliklarga qarshi zo’ravonliklariga norozilik bildirib namoyish qildi.
“Begunoh insonlarni o’ldirishayotganidan, okkupatsiyadan charchadik”, - deydi amerikalik falastinliklardan biri.
Isroilning BMTdagi elchisi Gilad Erdanning Xavfsizlik Kengashida aytishicha, mojaroni XAMAS boshlagan.