14-aprel kuni AQSh Prezidenti Jo Bayden Afg’onistonda qolayotgan barcha 2500 askar 11-sentabrgacha bu mamlakatdan chiqarilishi haqida ma’lum qildi. Sobiq prezident Donald Tramp ma’muriyati o’tgan yili Tolibon bilan bitim imzolab, qo’shinlarni shu yil 1-mayigacha chiqarish majburiyatini olgan edi.
Your browser doesn’t support HTML5
20 yillik urush Amerikaga trillionlab dollarga tushdi, 2300 dan ziyod amerikalik, yuzlab xorijiy askar va o’ng minglab afg’on hayotini olib ketdi.
“Urushga aniq maqsadlar bilan kirganmiz. Maqsadlarimizga erishdik. Bin Laden yo’q qilindi. Al-Qoida Iroq va Afg’onistonda yemirildi. Abadiy urushga chek qo’yish vaqti keldi”, - dedi Bayden.
Baydenning ma’lum qilishicha, ayni paytda Afg’onistonda xizmat qilayotgan 2500 amerikalik harbiyning hammasi 11-sentabrgacha bu mamlakatni tark etadi.
Tramp ma’muriyati Tolibon bilan muzokara qilib, askarlarni chiqarish jadvalini 1-mayga belgilagan edi. Buning evaziga toliblar al-Qoida bilan aloqalarini uzishi kerak bo’lgan.
Bayden jadvali shartsiz. Unga ko’ra, yengib bo’lmaydigan urushni davom ettirib, biror natija kutishdan foyda yo’q.
Ayrim respublikachi qonunchilar nazarida, Tolibon Afg’onistonda nazoratni qayta qo’lga olib, afg’on va Amerika manfaatlariga yana ziyon yetkazadi.
“Prezident Bayden askarlarni nima bo’lganda ham chiqarish qarori bilan yanada xafvliroq yo’lni tanladi”, - deydi respublikachi senator Lindsi Grem.
AQSh bilan maslahatlashuvdan so’ng NATO 10 ming askarini 1-maygacha Afg’onistondan olib chiqishga qaror qildi.
“Ungacha esa toliblarning har qanday hujumini shiddat bilan qaytaramiz”, - dedi NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg.
Baydenning aytishicha, AQSh va ittifoqchi davlatlar salkam 300 ming afg’on askarini tayyorgarlikdan o’tkazishda va jihozlashda davom etadi, gumanitar dasturlarni qo’llab-quvvatlab, diplomatik tashabbuslarda faol bo’ladi.
“Birlashgan Millatlar Tashkiloti vositachiligida Afg’oniston hukumati va Tolibon o’rtasidagi tinchlik muzokaralarini hamda Afg’onistondagi ayollar va qizlar huquqlarini qo’llab-quvvatlaymiz”, - dedi Bayden.
AQSh ma’muriyatining qo’shinlarni 1-maydan kechroq chiqarish qaroridan norozi Tolibon barcha xorijiy askarlar Afg’onistonni tark etmaguncha muzokarada qatnashmasligini bildirdi.
“Zo’ravonliklar darajasini tushirishga yordam beruvchi yo’l bo’lmasa kerak. AQSh urushga bir trillion dollardan ortiq pul sarflaganida Afg’onistonni o’zi xohlaganday qurish imkonini beruvchi yo’l ham bo’lmasa kerak. Yomon qarorlarning ehtimol eng yaxshisi shudir”, - deydi Chikago universiteti professori Ostin Rayt.
Tolibon bilan muzokara olib borish maqsadida tashkil etilgan Afg’on tinchlik kengashi jangarilar bilan shu oy Turkiyada ko’rishishi kerak, ammo tinchlik istiqbollari hozircha ravshan emas.
AQSh rahbari muhim bayonoti ketidan Arlington milliy qabristoniga borib, urushda nobud bo’lgan vatandoshlarini xotirladi.
Bu o'rtada AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken bugun Kobulga borib, mamlakat Prezidenti Ashraf G’ani va Oliy Milliy yarash kengashi raisi Abdulla Abdulla bilan uchrashdi.
G’ani Amerika rahbarining qo’shinlarni Afg’onistondan chiqarish qaroridan norozi, ammo Abdulla bu qarorni olqishlaydi.
Blinken AQSh elchixonasida amerikalik askarlar bilan ham ko’rishdi.
Tashrifdan maqsad Bayden qarorini tushuntirish va Amerika bu qarorga qaramay, Afg’onistonni qo’llab-quvvatlashda yordam berishini bildirish.
Ba’zilarning xavotiriga ko’ra, xorijiy kuchlar mamlakatni tark etishi zahoti Afg’onistonda fuqarolar urushi boshlanadi.