Bayden kimni vitse-prezidentlikka nomzod qilib oladi?

  • Amerika Ovozi

AQSh sobiq prezidenti Barak Obama 77 yashar sobiq vitse-prezident Jo Baydenning prezidentlikka nomzodini qo’llab-quvvatlarkan, uni tajribali va xalq dardiga e’tiborli arbob deb atadi.

“Uni vitse-prezidentlikka tanlaganim hayotimdagi eng to’g’ri qarorlarimdan biri edi. Shundan keyin u yaqin do’st ham bo’ldi”, - dedi Obama.

Bayden Demokratik partiyadan saylovlarda rasman yagona nomzod bo’lsa, vitse-prezidentlikka kimni tanlashi mumkin?

“Bu uning saylov kampaniyasidagi eng katta masala bo’ladi. Davlat yoki shtat miqyosidagi inqirozlar bilan shug’ullanishda tajribasi bor odamni tanlashi mumkin”, - deydi Pensilvaniya shtatidagi Elizabettaun kollejida siyosiy fanlar bo’yicha professor Kayl Kopko.

Bayden zarurat tug’ilsa, prezidentlik vazifalarini bajarishga darrov kirisha oladigan, o’zidan yoshroq ayol nomzodni vitse-prezident sifatida ko’rmoqchi ekanini bir necha bor aytgan.

“21-asrda ayollarni davlat boshqaruviga yo’latmaydigan davlatda iqtisodiyot gurkiramaydi. Ayollar aqlli, qobiliyatli bo’ladi”, - deydi Bayden.

Ba’zilar Baydenga partiyaviy saylovlarda qarshi chiqqan uch senator ayoldan birini vitse-prezidentlikka mos deb hisoblaydi. Bular Kaliforniyadan Kamala Xarris, Minnesotadan Eymi Klobuchar va Massachusetsdan Elizabet Uorren.

Biroq Uorrenning bepul tibbiy sug’urta va bepul oliy ta’lim bilan ta’minlash takliflari Baydenning sentrist qarashlariga to’g’ri kelmaydi.

Qora tanli Xarris Baydenga bu irq vakillari ovozlarini olishda yordam berishi mumkin. Afro-amerikalik siyosatchilar Jorjiya shtati sobiq qonunchisi Steysi Abrams ham yaxshi nomzod bo’lishi mumkinligini aytmoqda. Abrams 2018-yilda shtatda gubernator saylovini boy bergan edi.

“Steysi Abramsning kuchli jihatlari Baydenning zaif tomonlarini yopishda yordam beradi. Uning odamlarni ruhlantirish, muayyan saylovchilar guruhini Baydenga qaraganda qattiqroq jonlantirish, o’tmishdagi saylovlarda afro-amerikalik saylovchilarni o’ziga qarata olish qobiliyati Baydenga ancha qo’l keladi”, - deydi jurnalist Stiv Fillips.

Koronavirusga qarshi kampaniya doirasida saylovlarda demokratlar g’alaba qilishi muhim bo’lgan Michigan shtati gubernatori Gretchen Vitmer so’nggi kunlarda ancha ko’zga tashlandi. Nyu-Meksiko shtatining ayol gubernatori Mishel Luxan Grishem esa latino saylovchilar ovozlarini olishda muhim nomzod bo’la olishi mumkinligi aytilmoqda.