Qirg'izistonda Markaziy Osiyoning eng katta masjidi quriladi

Qirg’izistonning Qora-Suv shahrida qurilishi rejalangan masjid Markaziy Osiyoda eng kattasi bo’ladi. Hozir mamlakatda 2500 ga yaqin masjid bor va ular safiga har yili o’nlab yangilari qo’shilmoqda.



O’sh viloyatining Qora-Suv shahridagi imoratda madrasa va dinshunoslik kulliyoti joylashadi.

Mustaqillik yillarida o’lkada bunday muassasalar soni bir necha yuz barobar ko’paygan. 2012-yilning o’zida bir nechasi eshiklarini ochdi.

Prezident qoshidagi din ishlar bo’yicha davlat komissiyasi rasmiysi Qurbonali Uzaqovning aytishicha, yangi masjidlar aholi ehtiyojiga ko’ra qurilmoqda.

“Bular xalq va homiylarning mablag’i evaziga qurilmoqda. Eng asosiysi, Allohning uyi bo’lmish masjid bo’sh bo’lmasligi kerak, gavjum bo’lishi lozim”, - deydi u.

Jalol-Obod shahridagi “Islom ta’limi markazi” nomli jamoat jamg’armasi rahbari Dilmurod hoji O'rozov masalaning iqtisodiy tomonini ham o’ylaydi.

“Bunaqa katta masjidlar qurganimiz bilan binolarni saqlash va faoliyatini ta’minlash bilan bog’liq xarajatlarni topish nima bo’ladi? Eshitishimcha, Rossiyaning Surgut shahrida bir masjid qurilgan ekan. Inshootni qishda isitishning o’ziga oyiga 16 ming dollar to’lanar ekan. Bizda ham shunday sovuq qishlar bo’lyapti. O’shanda binolar qanday qilib isitiladi?” - deydi O'rozov.

Mutaxassislar masjidlar hisob-kitob bilan qurilishi, bunda davlat normalariga rioya qilinishi zarurligini aytadi.

Uzaqov so'zlariga ko’ra, davlat organlari bu masalada qat’iy turishi kerak.

“Mahalliy davlat tizimlari qurilishni nazorat ostiga olishi darkor. Hukumatning maxsus qarori bor. Masjidlar orasidagi masofa, zaruriyat va boshqalar nazarga olinishi lozim”, - deydi mulozim.

Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, yirik masjidlarning aksari xorijiy homiylar ko’magida qurilmoqda. Mahalliy kuzatuvchilar nazarida diniy tashkilotlarning ko’payishi aholining diniy savodxonligida jiddiy o’zgarish yasamayapti.

“Savodxonlikning o’sishi imomlarning saviyasiga ham bog’liq. Aytaylik, janubiy Qirg’izistonda imomlarning 70-80 foizi maxsus bilimga ega emas. Yaqinda prezident apparatida diniy konfessiyalar faoliyatini yaxshilash borasida choralar qabul qilindi. Unda, jumladan, diniy ta’lim haqida so’z yuritildi. Din arboblarining savodini, malakasini ko’tarish eng dolzarb masalalardan biri bo’lib qolmoqda”, - deydi Qurbonali Uzaqov.

Dilmurod hoji O'rozov masjidlar orasidagi qarama-qarshilik, bo’linish hollaridan tashvishda.

“Imomlarga ko’p narsa bog’liq. Salafiy bo’lsa, hamma salafiylar o’sha masjidga to’planib oladi, hizbiyni qo’llaydigan imom kelsa, barcha hizbiylar o’sha yerga yig’iladi, ya’ni bo’linish katta ketyapti. Keyin ular bir-biriga tosh ota boshlaydi”, - deydi hoji.

Qirg'iziston janubida e'tiqod va ibodat:

http://www.amerikaovozi.com/flashembed.aspx?t=phg&id=851140&w=640&h=506&skin=embeded
http://www.amerikaovozi.com/flashembed.aspx?t=phg&id=1210343&w=640&h=506&skin=embeded