AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenning aytishicha, Afg’onistondan chiqishga ulgurmagan amerikaliklar va hayoti xavf ostidagi afg’onlarni evakuatsiya qilish uchun olingan charter samolyotlar Mozori Sharif aeroportida turib qolgan.
Your browser doesn’t support HTML5
“Tolibon samolyotlarning uchishiga ruxsat bermayapti. Ularga ko’ra, ayrim yo’lovchilarda zarur hujjatlar yo’qmish. U yerda harbiylarimiz yo’qligi uchun qo’limiz bog’liq ekan, zarur xavfsizlik choralari ta’minlanmagan aeroportdan uchish mumkinmas. Muammoni hal qilish ustida ishlayapmiz”, - dedi Blinken.
Germaniya ko’plab amerikaliklar va afg’onlarni evakuatsiya qilishda tranzit nuqtasi vazifasini bajardi. Germaniya Tashqi ishlar vaziri Xayko Maasning aytishicha, Afg’oniston yangi hukumatining ichki ishlar vazirini AQSh Federal qidiruv byurosi qidiruvga berganiga qaramay, Berlin ular bilan gaplashishga majbur.
“Tolibon bilan bevosita muloqot qilganmiz. Aks holda ko’plab nemislar, afg’onlar, amerikaliklarni evakuatsiya qila olmagan bo’lardik. Afg’onistonda hali ham Germaniya fuqarolari bor, ammo Kobulda diplomatik vakolatxonamiz yo’q. Germaniyaliklarni olib chiqish uchun o’sha yerdagi odamlar bilan gaplashishga majburmiz”, – dedi Maas.
Germaniyaga safar qilgan Blinken AQShning bu mamlakatdagi harbiy bazasida tekshiruv va ko’rikdan o’tayotgan va AQShga jo’nab ketishga hozirlanayotgan afg’onlarning ayrimlari bilan ko’rishdi.
Maasning aytishicha, Germaniya Kobuldagi elchixonasini qayta ochish ustida o'ylanmoqda. Unga ko'ra, Germaniya diplomatlari Afg'onistonda bo'lishi kerak, ammo bu mamlakatdagi xavfsizlikka doir vaziyatga, yangi hukumat siyosatiga bog'liq.
Afg’onistonning mamlakatdan qochgan sobiq rahbari Ashraf G’ani bir necha kunlik sukutdan so’ng “Twitter”da bayonot berdi.
G’anining aytishicha, Tolibon Kobulga yaqinlashishi bilan uning qo’riqchilari prezidentga mamlakatni xufyona tark etisni tavsiya qilgan. G’ani korrupsiya bilan bog’liq ayblovlarni, millionlab pul bilan qochgani haqidagi da’volarni inkor etmoqda. U bu da’volarning BMT yoki boshqa bir tashkilot yetakchiligida mustaqil tergov qilinishiga qarshi emasligini ham aytdi.
G’anining qochishi ham afg’onistonliklar, ham xalqaro hamjamiyat tomonidan keskin tanqidga uchradi. Vashingtonga ko’ra, buning natijasida hukumat yemirilib, Tolibon hokimiyatni osonlikcha qo’lga oldi.
Bu o’rtada Afg’onistonning “Etilaat Ro’z” gazetasining ikki jurnalisti Taqi Daryobi va Ne’mat Nag’di Tolibonning Panjsher viloyatidagi harbiy amaliyotlariga qarshi Kobulda o’tgan norozilik namoyishlarini yoritgani uchun qiynoqqa solinganini da’vo qildi.
"Panjsher namoyishlariga borganimizda toliblar meni va hamkasbimni ushlab qiynoqqa solishdi”, - deydi Daryobi.
Har ikki muxbirning yuzlari shishgan, tanasi ko’karganini ko’rish mumkin.
Daryobining aytishicha, ularni 7-8 odam to’qmoq bilan do’pposlagan.
Tolibon vazirlaridan biri bu voqeaga munosabat bildirar ekan, muxbirlarga hujum tergov qilinishini bildirdi.
Kaltaklangan jurnalistlar kasalxonaga yetkazilib, ikki haftalik tibbiy ta’tilga chiqarilgan.
Ne’mat Nag’di xalqaro hamjamiyatni afg’on jurnalistlarini himoya qilishga chaqirdi.
"Islomiy Amirlikka bosim qo’yilishi lozim, toki birorta jurnalist bundan keyin kaltaklanmasin”, - deydi u.