AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Janubiy Amerikaga ilk safari doirasida Ekvador va Kolumbiyaga tashriflari davomida bu ikki mamlakatdagi demokratik jarayonlarni olqishladi.
Your browser doesn’t support HTML5
Ekvador hukumati ayni damda narkoguruhlar bilan olishmoqda. Prezident Gilyermo Lasso mamlakatda favqulodda holat e’lon qilgan.
Blinkenning aytishicha, Qo’shma Shtatlar o’tmishda Ekvador xavfsizlik kuchlariga haddan ziyod yordam ko’rsatib, xalqning iqtisodiy farovonligini oshirish yo’lida yetarlicha harakat qilmagan.
“Ko’p hollarda fuqarolik va siyosiy huquqlarni kuchaytirishga katta urg’u beramiz. Ya’ni erkin va adolatli saylovlarni yo’lga qo’yish, qonun ustuvorligini ta’minlash, so’z va uyushish erkinligini kuchaytirish kabilarga. Odamlarning mehnat normalarini kuchaytirish, yetarli ta’lim va tibbiy xizmatlarni oshirish, yanada kengroq inklyuziv imkoniyatlar bilan ta’minlash kabi iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarini kuchaytirishga kamroq e’tibor berganmiz”, - dedi Blinken.
AQSh davlat kotibini Kolumbiyada ham iliq kutib olishdi. Vashingtondagi Uilson tahlil markazi eksperti Benjamin Gedanning aytishicha, o’tgan yili xavfsizlik kuchlari Prezident Ivan Duke hukumatiga qarshi namoyish qilgan o’nlab odamlarni otib o’ldirganiga qaramay, Kolumbiya AQShning mintaqadagi muhim ittifoqchisi.
“Kolumbiya Lotin Amerikasining eng og’ir mintaqasida AQShning uzoq yillik ittifoqchisidir. Qo’shni Venesuela siyosiy jihatdan tushkunlikda, repressiv diktatura. Natijada salkam 6 million venesuelalik so’nggi yillarda mamlakatdan qochgan, yarmi qo’shni Kolumbiyada qo’nim topgan bo’lishi mumkin”, - dedi Gedan.
AQSh davlat kotibi Ekvador va Kolumbiya rasmiylari bilan Venesueladagi siyosiy tanglik va buning natijasida yuzaga kelgan gumanitar inqirozni ham muhokama qilgan.
Tahlilchi Gedanning aytishicha, Blinken mintaqada demokratiyani targ’ib qilishning dolzarbligiga urg’u bergani qisman shu bilan bog’liq.
“Lotin Amerikasi aslida haqiqiy demokratik inqirozni boshdan kechirmoqda. Nikaragua, Venesuela va Kuba hozir avtoritar davlatlar, Salvador shu yo’ldan ketmoqda. Hatto Braziliyada ham oxirgi paytlarda mustaqil sud va boshqa demokratik institutlar yuzasidan hushyor tortishga sabab bo’luvchi nishonalarni ko’rsa bo’ladi”, - deydi ekspert.
Iqtisodiy jihatdan aholisi ehtiyojlarini qondira olmaydigan hukumatlar migratsiya inqiroziga sabab bo’ladi, shu sabab, deydi AQSh Tinchlik institutidan Kit Mayns, Blinkenning demokratiyani targ’ib qilishga qaratilgan harakatlari o’rinlidir.
“Markaziy Amerikaning boshqa hududlarida zaif faoliyat yuritadigan demokratik jamiyatlar bo’lib, ular fuqarolarining iqtisodiy ehtiyojlarini qondira olmay, migratsiya inqiroziga turtki bergan. Gaitida demokratiya muvaffaqiyatsizlikka uchrab, davlat institutlari butunlay ishdan chiqqan”, - deydi tahlilchi.
Maynsga ko’ra, Xitoy o’zgacha taraqqiyot modelini targ’ib qilmoqda.
“Xitoy vyetnamcha modelni o’tkazishga harakat qilyapti. Ya’ni “demokratiya degan be’manilik bilan boshingizni og’ritmang. Biz bilan savdo qiling, evaziga samarali iqtisodiyot va infratuzilmaga ega bo’lasiz. Shuning o’zi kifoya. Demokratiya haqida nega bosh qotirish kerak?” degan ma’noda”, - deydi siyosatshunos.
AQSh davlat kotibining aytishicha, Qo’shma Shtatlar biror mamlakatni Amerika yoki Xitoydan birini tanlashga majburlayotgani yo’q, ammo Amerika qit’asida yashovchi barcha fuqarolarning inson huquqlari, yashash va ish sharoitlari standartlarini yaxshilashni taklif etmoqda.