AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken kecha Efiopiyada bo’lib, mamlakat rahbariyati bilan ko’rishdi, Tigray mintaqasida 500 ming odamning yostig’ini quritgan ikki yillik mojaro sabab AQSh bilan yomonlashgan aloqalarni tiklash haqida gaplashdi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Mojaro ko’plab vayronalarga sabab bo’ldi. Yuz minglab odam o’ldi. Ayollar jinsiy tajovuzga uchradi. Millionlab odam uyini tashlab chiqishga majbur bo’ldi. Oziq-ovqat, uy-joy, dori-darmonga muhtojlar ko’paydi. Kasalxonalar, maktablar, bizneslar vayron bo’ldi. Harbiy harakatlarni to’xtatishga qaratilgan shartnoma odamlar hayotini saqlashga qaratilgan katta yutuq bo’ldi. O’q ovozlari eshitilmayapti hozir. Ixtilof tugadi, inson huquqlariga tajovuz kamaydi”, - dedi Blinken.
AQSh davlat kotibiga ko’ra, Efiopiya Bosh vaziri Abiy Ahmad va Tigray mintaqasi rahbarlari o’tgan yil noyabrida erishilgan sulh uchun birday harakat qildi. Blinken AQSh nomidan Efiopiyaga gumanitar yordam va’da qildi.
“Mojaro va qurg’oqchilikdan zarar ko’rgan millionlab efioplarga favqulodda oziq-ovqat va gumanitar yordam sifatida qo’shimcha 331 million dollarlik yordam e’lon qilaman”, - dedi u.
AQSh Milliy mudofaa universiteti qoshidagi Afrika strategik izlanishlar markazining eksperti Jozef Sigl nazarida, AQSh Efiopiyadagi shafqatsiz fuqarolar urushi ketidan ikki tomonlama aloqalarni bir zumda tiklay olmaydi, bunga vaqt kerak.
“Ammo AQSh kafolatchi, ishonchli taraf sifatida muhim rol o’ynashi, markaziy hukumat manfaatlari va Efiopiya suverenitetini hurmat qilgan holda Tigray manfaatlarini ham hisobga olishi mumkin”, - deydi tahlilchi.
Yana bir mutaxassisning aytishicha, Abiy AQSh bilan aloqalarni va shu bilan birga, bojsiz savdo dasturini tezroq tiklash tarafdori.
“Biroq shuni aytish kerakki, Abiy qurolli to’qnashuv paytida o’z buyrug’iga ko’ra amalga oshirilgan vahshiyliklarni kamaytirib ko’rsatishga harakat qilyapti. Shu bilan birga, AQSh va boshqa mamlakatlardan yordam olishga, erkin savdo qilishga va xorijiy bizneslarni Efiopiyaga qaytarishga intilmoqda”, - deydi “Human Rights Watch” tashkilotidan Sara Yager.
Blinken Efiopiyada tinchlik o’rnatilayotganini va Efiopiya to’g’ri yo’nalishda qadam qo’yayotganini ta’kidladi, ammo AQSh bilan savdo dasturi hozircha jonlanmasligini aytdi.