Blinken va Lavrov ilk bor yuzma-yuz ko'rishdi

  • Amerika Ovozi

Uchrashuv chog'ida

AQSh va Rossiya tashqi ishlar vazirlari Bayden ma’muriyati yil boshida ish boshlaganidan beri ilk bor yuzma-yuz ko’rishdi. Entoni Blinken va Sergey Lavrov Islandiyada o’tgan Arktika Kengashi sammiti doirasida muloqot qildi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 20-may, 2021-yil

Uchrashuv 2 soat davom etgani aytiladi.

"Muhokama men uchun konstruktiv bo’ldi. So'nggi yillarda Moskva va Vashington o'rtasidagi munosabatlarda mavjud bo'lgan nosog'lom vaziyatni bartaraf etish to'g'risida tushuncha mavjud", - dedi Lavrov rossiyalik jurnalistlar bilan muloqot chog’ida.

Blinken-Lavrov uchrashuvi Bayden ma’muriyatining “Shimoliy oqim-2” gaz quvuri loyihasiga yangi sanksiyalar e’lon qilgan paytga to’g’ri keldi. Quvur Rossiya gazini Germaniyaga uzatishni ko’zlaydi.

Oq uy ma’muriyati Rossiyaning loyihada qatnashayotgan sakkizta kompaniyasi va kemalariga jazo choralari qo’llagan. Quvur qurilishida ishtirok etayotgan Germaniyaning ikki kompaniyasi esa sanksiyalardan mustasno bo’ldi.

Qo’shma Shtatlar Rossiyaning Arktikadagi faoliyati, Ukraina siyosati, muxolifatchi Aleksey Navalniyga munosabati, kiber xurujlarini ikki tomonlama aloqalarga zarar qilayotgan omillar deb biladi.

Blinken Lavrovdan Rossiya qamog’ida saqlanayotgan ikki amerikalikni ozod etishni, AQShning “Amerika Ovozi” va “Ozodlik” radiostansiyasi matbuot organlariga qarshi harakatlaridan voz kechishni so’radi, Ukraina bilan chegarada rossiyalik qo’shinlarning joylashishidan xavotir bildirdi.

Matbuotda ikki mamlakat rahbarlarining bo’lajak uchrashuvi haqida ma’lumot aylanayotganiga qaramay, Lavrov ham, Blinken ham Bayden-Putin uchrashuvi qachon bo’lishini aytishdan o’zini tiydi.

Lavrov NATOning Arktika mintaqasiga bombardimonchi samolyotlar va suvosti kemalarini safarbar etishini tanqidga oldi.