Blinken Yaqin Sharq davlatlarini Falastinga yordam berishga chaqirmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken va Falastin Prezidenti Mahmud Abbos (o'nga) Ramallohda, 25-may, 2021-yil

Yaqin Sharqqa safar qilgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken 26-may kuni Misr va Iordaniyada bo’lib, bu mamlakat rahbarlari bilan Isroil va Falastin o’rtasida kelishilgan sulhni mustahkamlash yo’llari xususida gaplashdi, ularning sulhga erishishda qo’shgan hissasini olqishladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 27-may, 2021-yil

“So’nggi haftalardagi zo’ravonliklarga qaytishni istamasak, mintaqadagi davlatar bir-birini bu masalada qo’llab, yordam berishi kerak. Kelasi bir necha kun ichida Fors ko’rfazidagi davlatlar va hamkorlar bilan tiklanish, barqarorlik, ziddiyatlarni kamaytirish xususida maslahatlashamiz”, - dedi Blinken.

Mutaxassislarning aytishicha, Bayden ma’muriyati oldida COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurash, mamlakat iqtisodiyoti va infratuzilmasini tiklash kabi dolzarb muammolar turganda Isroil va XAMAS o’rtasida so’nggi yillardagi eng qonli to’qnashuv Oq uyni diqqatini Yaqin Sharqqa qaratishga majbur qildi.

“Prezidentligi yoki mamlakatga zarar qilishda Jo Bayden uchun tashqi siyosatdagi hech bir masala yoki muammo Amerika ichidagi inqirozlardan muhimroq emas”, - deydi Xalqaro tinchlik uchun Karnegi jamg’armasidan Aaron Deyvid Miller.

Shu hafta Blinken Isroil rahbariyati va Falastin Prezidenti Mahmud Abbos bilan ham uchrashib, Isroil xavfsizligi va Falastinga gumanitar yordam yetkazish masalalari bilan shug’ullandi.

“Falastin davlatchiligi Oq uy ma’muriyati uchun tashqi siyosatdagi maqsadlardan biri bo’lishi mumkin, ammo shu tobda Blinken G’azodagi ixtilofdan keyingi sulhni kuchaytirish bilan ovora. U Quddusda AQSh bosh konsulligini ochish haqida gapiryapti. Isroilga yangi elchini yuborish ham ko’rilyapti. Nazarimda, Blinken tomonlarni ko’p yillardan beri qotib qolgan muloqotni jonlantirishga ko’ndirishga urinmoqda”, - deydi Vashingtondagi “Atlantika Kengashi” tahlil markazidan Shalom Lipner.

AQSh G’azoga ko’rsatiladigan gumanitar yordamining XAMAS qo’liga tushishini istamaydi, chunki harakatni terrorchi tashkilot deb biladi. Biroq G’azo nazorati XAMAS qo’lida ekan, bu qiyin vazifa.

“XAMAS biz beradigan yordamdan manfaatdor bo’lmasligini ta’minlashda hamkorlar bilan yaqindan ishlayman”, - dedi AQSh davlat kotibi.

Amerika rasmiylari gumanitar yordam va yordam pulini G’azoda tarqatishda BMT va Falastin Muxtoriyati rasmiylari xizmatidan foydalanmoqchi. Biroq isroillik tahlilchilar bunga shubha bilan qaramoqda.

Isroilning Nyu-Yorkdagi sobiq bosh konsuli Alon Pinkasning aytishicha, XAMASni aylanib o’tishga imkon beradigan mexanizmning o’zi yo’q.

Unga ko’ra, eng so’nggi ixtilofgacha Qatar Isroil nazoratidagi o’tish joyi orqali har oy G’azoga 30 million dollar miqdorda naqd pul yuborayotgan edi. Isroil Mudofaa vazirligi bunday amaliyotga chek qo’yishga chaqirmoqda.

“Isroil Mudofaa kuchlari bosh vazirdan qatarliklarning XAMAS bilan bevosita aloqasini uzishni so’rab keladi, biroq Netanyaxu hozircha bunga ko’ngani yo’q”, - deydi sobiq diplomat.

Blinken Kongressdan falastinliklar uchun 75 million dollar so’ramoqchi.

Falastin Muxtoriyati buni Tramp ma’muriyati paytida putur yetgan aloqalarni tiklash uchun muhim qadam deya olqishladi. Tramp AQSh elchixonasini Tel-Avivdan Quddusga ko’chirishi, Falastinga yordam berayotgan BMT agentliklariga moliyaviy yordamni kesishi ketidan Falastin Oq uy ma’muriyati bilan muloqotni muzlatib qo’ygan edi.

BMTning Inson huquqlari bo’yicha Oliy komissari Mishel Basheletning aytishicha, Isroilning G’azoga hujumlari urush jinoyatlari bilan barobar bo’lishi mumkin. Bashelet XAMAS harakatini ham Isroilga raketalar otib, xalqaro gumanitar qonunni buzganlikda aybladi.

Komissariat G’azoda 270 falastinlik, jumladan 68 ta bola o’lganini, Isroilda esa 11 kunda 10 odam nobud bo’lganini aniqlagan.

Bashelet bu haqda BMT Inson huquqlari kengashining musulmon davlatlar iltimosiga ko’ra o’tkazilgan maxsus majlisida so’zladi. Davlatlar kengashdan tergov komissiyasini tuzib, jinoyatlarni taftish qilishga chaqirdi.

"Isroil nishonga olingan ko’p imoratlarda qurolli guruhlar yashiringanini da’vo qilgan bo’lsa-da, bunga dalil ko’rmadik. Agar hujumlar ataylab uyushtirilgan bo’lsa, urush jinoyatlari bilan barobar bo’ladi”, - dedi Bashelet.

Falastin Tashqi ishlar vaziri Riyod al-Malikiyning aytishicha, Isroil mustamlakachi va irqchi tizimini saqlab qolish uchun ana shunday jinoyatlarni sodir etmoqda.