Markaziy Amerika davlatlari rahbarlari bilan Kosta-Rikada uchrashgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken bu mamlakatlarni va xususan Gvatemala, Gonduras va Salvadorni korrupsiya, qashshoqlik, giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashishga hamda fuqarolar hayotini yaxshilab, AQSh tomon migratsiya oqimini to’xatishga chaqirdi.
Your browser doesn’t support HTML5
"Biz mintaqaning ko’p joylarida demokratiya va inson huquqlari yemirilayotgan bir paytda ko’rishib turibmiz. Adliya mustaqilligi izdan chiqmoqda, mustaqil matbuot va nodavlat tashkilotlar ta’qib etilmoqda, siyosiy raqiblar ishtiroki cheklanmoqda, korrupsiyaga qarshi harakatlar bostirilmoqda”, - dedi Blinken.
AQSh Davlat departamenti “Shimoliy uchburchak“ deb nomlanuvchi guruhga kiruvchi Gvatemala, Gonduras va Salvadorning korrupsiya yoki giyohvand moddalar savdosida ayblangan sobiq va amaldagi 16 rasmiysining ismini maxsus ro’yxatga kiritdi. AQSh Kongressi o’tgan hafta bu ro’yxatni e’lon qilishi ketidan bu davlatlarning Bayden ma’muriyati bilan aloqalari taranglashdi.
Gonduras Prezidenti Xuan Orlando Ernandesning akasi qoradori savdosida ayblanib, mart oyida Nyu-Yorkda umrbod qamoq jazosiga mahkum etildi. Sud jarayonida prezidentning o’zi ham bu ishlarda gumon qilindi.
Salvadorda esa Prezident Nayib Bukele bosh prokuror va Oliy sud sudyalarini ishdan olib, AQSh noroziligiga uchradi.
Kuzatuvchilarga ko’ra, bu voqealar Bayden ma’muriyatiga mintaqaga va’da qilingan 4 milliard dollarlik yordam pulini to’g’ri taqsimlashga halal beradi.
“Bayden ma’muriyati bu mamlakatlarda fuqarolarni o’z qishloqlarini tashlab, AQSh tomon otlanishga majburlovchi strukturaviy muammolarni ko’tarib to’g’ri qiladi. Oq uy shaffoflik, korrupsiyaga qarshi kurash, inson huquqlari, shaffof va samarali demokratik institutlar kabi qadriyatlarga tayanmagan hukumatlar bilan ishlashga majbur. Bu esa shu mamlakatlarda AQSh siyosatini muntazam ravishda tuzatishni, muvozanatda ushlashni talab qiladi”, - deydi Vashingtondagi Vilson tahlil markazidan Benjamin Gedan.
O’tgan yili mintaqani ikki bor qaqshatgan halokatli to’fonlar natijasida oziq-ovqat tanqislashdi. Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, Bayden ma’muriyati bu mamlakatlarga yordam berishda odatdagi tashqi ko’mak doirasidan kengroq fikrlashi lozim.
“Bayden Karib basseynini ham o’zining kattaroq ichki tashabbuslariga qo’shishi kerak. Masalan, u Amerikada infratuzilma taraqqiyoti, ya’ni yo’llar, ko’priklar, aeroportlar, bandargohlar taraqqiyoti uchun ko’p pul sarflamoqchi. Karib basseynini bizning yaqin xorijimiz deb bilsa bo’ladiku”, - deydi Kaliforniya universitetidan Richard Faynberg.
Blinken ketidan mintaqaga vitse-prezident Kamala Harrisning safar qilishi kutilmoqda. Harris migratsiyaga sabab bo’layotgan omillarni o’rganishga harakat qiladi. O’tgan hafta Oq uyda bo’lib o’tgan majlisda xususiy sektordan Markaziy Amerikaga sarmoya qilish so’raldi.
“Masalan, “Mastercard” kompaniyasi mintaqada 5 million odamni raqamli iqtisodiyotga jalb qilib, 1 millionta kichik bizneslarni qo’llab-quvvatlamoqchi. “Maykrosoft” esa mahalliy hamkorlar bilan kelishib, kelasi yili mintaqada uch millionga yaqin odam uchun internet tezligini oshirishni ko’zlamoqda. “Nespresso” shirkati Gvatemalada qahva yetishtirishga qaratilgan faoliyatini kengaytirmoqchi, Gonduras va Salvadorda esa boshlamoqchi”, - dedi Harris.