AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Vakillar palatasining Tashqi aloqalar kengashida o’tgan tinglovda Bayden ma’muriyatining tashqi siyosatdagi ustuvor yo’nalishlari haqida bayon qildi.
Your browser doesn’t support HTML5
Blinkenning Yaponiya va Janubiy Koreyaga safari ketidan kelasi hafta Alyaskada Xitoy rasmiylari bilan ilk bor uchrashish rejasi qonunchilar diqqatini tortdi. Davlat kotibi ushbu uchrashuvda Amerikani tashvishga solayotgan masalalarni ko’tarishini bildirdi.
"Hozircha ilk uchrashuv rejalangan. Bordi-keldi bo’lmaydi. Xitoy bilan aloqalarimizga doir masalalarda sezilarli progress bo’lsagina, yana uchrashamiz”, - dedi Blinken.
Rasmiy har ikki partiya qonunchilarining Xitoyda uyg’ur musulmonlarga nisbatan qatag’onlar qatliom ekani haqidagi xulosasiga qo’shilishini bildirdi, Pekinni xalqaro hamjamiyat va BMTga ushbu masalani tekshirishga imkon berishga chaqirdi.
“Hech narsa yashirishmayotgan bo’lsa, bizga, butun dunyoga ko’rsatishsin”, - dedi Blinken.
Respublikachi qonunchilarning ba’zilari janubiy chegarada AQShga Meksikadan kirishga harakat qilayotgan migrantlar haqida so’rab, Tramp ma’muriyatining Markaziy Amerikadagi mamlakatlar bilan imzolagan siyosiy boshpana haqidagi bitimlari Bayden ma’muriyati tomonidan nega bekor qilingani bilan qiziqdi.
“Chegarada migrantlar soni keskin ko’payib, tartibsizlikka sabab bo’layotganini ko’ryapmiz. Nega prezident janubdagi qo’shnilarimiz qo’llab-quvvatlagan bitimlardan voz kechdi?” - deb so’radi kongressmen Maykl Makkol.
Blinken savolga to’g’ridan-to’g’ri javob bermasdan Prezident Jo Bayden Meksika bilan chegarada xavfsiz, tartibli va insoniy muhit yaratmoqchi ekanini aytdi.
Blinkendan Efiopiyaning Tigray viloyatidagi gumanitar inqiroz haqida ham so’rashdi. Davlat kotibi mintaqadagi jarayonlarni etnik tozalash deb atab, qattiq qoraladi.
“Tinchlik uchun Nobel mukotofini qo’lga kiritgan Bosh vazir Abiy ilhomlantiruvchi rahbar edi. Hozir u tashabbusni qo’lga olib, Tigraydagi xalqini himoya qilishi kerak”, - dedi Blinken.
U tinch aholiga qarshi zo’ravonliklarga barham berish yo’llarini topish maqsadida Abiy va mintaqadagi boshqa rahbarlar bilan telefon orqali muloqotda ekanini ham aytdi.