Osiyoga safar qilayotgan AQSh davlat kotibi va mudofaa vaziri Yaponiyadan so’ng Janubiy Koreyaga o’tdi. Entoni Blinken va general Lloyd Ostin ittifoqchilar bilan uchrashuvlari chog’ida ikki tomonlama aloqalardan tashqari Xitoy masalasini ko’tarmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
"Xitoy Gonkong muxtoriyatini yemirishda, Tayvan demokratiyasini izdan chiqarishda, Shinjon va Tibetda inson huquqlarini poymol etishda, Janubiy Xitoy dengizida xalqaro qonunlarga xilof holda hududiy nazoratga da’vo qilishda do’q-po’pisa va agressiyani ishga solmoqda”, - dedi Blinken.
AQSh rasmiylari bungacha Yaponiyaga tashrifi chog’ida ham Xitoy masalasini ko’targan.
“Hind-Tinch okeani mintaqasining erkin va ochiq bo’lishi, mamlakatlar qonunlarga rioya qiladigan, imkon bo’lganda hamkorlik qiladigan, kelishmovchiliklarini tinch yo’l bilan hal qiladigan mintaqa bo’lishi g’oyasida hamfikrmiz. Xitoy do’q-po’pisalarga qo’l ursa, javob berishga tayyormiz”, - dedi Blinken.
Yaponiya rasmiylariga ko’ra, Xitoy Sharqiy va Janubiy Xitoy dengizlarida harbiy inshootlar qurib, hududlarga da’vo qilmoqda.
Shu hafta AQSh davlat kotibi va Oq uy milliy xavfsizlik maslahatchisi Alyaskada Xitoy tashqi ishlar vaziri va Kommunistik partiyaning tashqi siyosatga mas’ul rasmiysi bilan o’tgan yil iyunidan beri ilk bor gaplashishi kutilmoqda.
Osiyo safari chog’ida Shimoliy Koreya masalasi ham muhokama etilmoqda. Qo’shma Shtatlar Pxenyanni yadro dasturiga doir muzokaralarga qaytarishga urinmoqda.
Ayni paytda Bayden ma’muriyati AQShning Shimoliy Koreyaga doir siyosatini qayta ko’rib chiqmoqda va yaqin orada yangi siyosatni e’lon qilishi kutilmoqda.