Blumberg demokratlardan prezidentlikka nomzod bo'la oladimi?

  • Amerika Ovozi

Maykl Blumberg

AQShda Demokratlar partiyasidan prezidentlikka da’vogarlar yagona nomzod bo’lish uchun o’zaro bellashmoqda. G’olib noyabrda bo’ladigan asosiy saylovda respublikachilardan nomzodga qarshi kurashadi. Respublikachilardan nomzodning kim bo’lishi harqalay aniq – amaldagi Prezident Donald Tramp. Demokrat nomzodlar soni esa 29 tadan 8 taga tushgan. Hozircha faqat ikki shtatda tanlov bo’ldi. Iyun oyigacha qolgan shtatlar va poytaxtda ham birlamchi saylovlar o’tkazilishi kutilmoqda. Yaqqol peshqadam yo’q.

Yaqinda poygaga Nyu-York shahar sobiq meri, milliarder Mayk Blumberg qo’shilib, o’z hisobidan matbuotda yirik tashviqot kampaniyasini boshlagan. Blumberg Trampni mag’lub eta olishiga urg’u bermoqda. Ayni damda bu demokrar nomzodlar oldida turgan eng katta vazifa.

Maykl Blumbergning ismi tushirilgan ko’kimtir rangli avtobus saylov kampaniyasi doirasida Virjiniya shtati poytaxti Richmondga yo’l oldi. Sobiq mer va milliarder tarafdorlari fikricha, Trampni Blumbergdan boshqa demokrat nomzod mag’lub eta olmaydi.

“Uddalaydi. Qolgan nomzodlar o’zlarini yeb tugatishadi. Afsus, afsus. Mayk bo’lmasa, Tramp qolganlarni ezib tashlaydi”, - deydi virjiniyalik saylovchi Kreg Xedli.

Blumberg ilk ikki shtatda o’tgan demokratlar tanlovida qatnashmadi. Har ikkisida vermontlik senator Berni Sanders yaxshi natija ko’rsatdi. Biroq uning oliy ta’lim va sog’liqni saqlash tizimini bepul qilish g’oyalari mo’tadil siyosatchilar tanqidiga uchramoqda.

“Sanders koalitsiya tuzib, Trampni yengishiga ishonmayman. Bizga esa uni mag’lub qila oladigan nomzod kerak, mo’tadil nomzod”, - deydi virjiniyalik yana bir saylovchi Debora Xedli.

Indianalik mer Pit Butejej va minnesotalik senator Eymi Klobuchar ham yaxshi natija ko’rsatmoqda, biroq ozchilikdagi guruhlar ko’p yashovchi shtatlarda bo’ladigan partiya saylovlarida ularga oson bo’lmaydi. Partiya saylovlari boshlangunga qadar peshqadam hisoblangan sobiq vitse-prezident Jo Bayden esa oqsab qoldi.

Bir paytlar respublikachi bo’lgan Blumberg o’zini birlashtiruvchi kuch deb biladi.

“Mamlakatni birlashtirish uchun nomzodimni qo’ydim, AQShni tiklash uchun saylovda qatnashyapman”, - deydi u.

Nyu-York sobiq meri nomzodini poytaxt Vashington hokimi Muriel Bauzer kabi partiya yetakchilari qo’llab-quvvatlab chiqdi. Blumberg demokrat nomzodlarni hamda iqlim o’zgarishi va qurol zo’ravonligiga qarshi kurashayotgan tashkilotlarni pul bilan qo’llab kelgan.

Unga ovoz berishini aytayotgan bir ayolning o’g’li otishmada o’lgan.

“Bir kishidan boshqa hech kimning bolalarimiz bilan ishi yo’q. Uning ismini bilasiz. Yana ayting. Shu odamdan boshqa”, - deydi Kalandrian Simpson Kemp.

Blumberg mer bo’lgan paytida politsiyachilarga muhojirlarni to’xtatib, tintuv qilishga ruxsat bergani uchun tanqidga olingan edi, biroq sobiq mer o’tgan yili bu siyosati uchun uzr so’ragan.

“Bu siyosatni ancha ertaroq va tezroq to’xtatsak bo’lardi va shunday qilishimiz kerak ham edi. Bunday qilmaganimiz uchun uzr so’rayman”, - degan u.

Blumberg saylov kampaniyasini hamyonidan moliyalamoqda. Biroq Sanders va boshqa nomzodlar uni saylovni sotib olishga harakat qilayotganlikda ayblamoqda.

3-mart kuni demokratik nomzodlar 14 shtatda partiya saylovlarida qatnashadi. “Super seshanba” nomini olgan tadbir yakuniga qarab Blumbergning saylov kampaniyasidagi istiqboliga xolis baho bersa bo’ladi.