Afg’oniston, Pokiston va Indoneziya diniy ulamolari Indoneziyaning Bogor shahrida uchrashib, Afg’onistondagi vaziyat bo’yicha qo’shma bayonot qabul qildi. Ulamolar anjumani ushbu bayonotda zo’ravonliklar islom diniga zid deb, ularni qoraladi, Tolibon harakatini sulhga chaqirdi.
Toliblar Afg’oniston hukumati bilan muzokara boshlashdan oldin mamlakatdan barcha ajnabiy askarlar chiqarilishini talab qiladi. Afg’onistonlik kuzatuvchilar anjuman qarori va natijalari deyarli samara bermaydi degan fikrda.
Ba’zi afg’on qonunchilar nazarida toliblarga harbiy va siyosiy bosimni kuchaytirish kerak.
“Portlash va xudkush hujumlarini qat’iy ravishda harom deya e’lon qilish zarur”,- deydi deputat Sayid Ali Kozimiy.
Boshqa qonunchilar Afg’onistondagi mojaroning mintaqaviy urush ekani aytib, barcha davlatlarning ushbu masalada yakdil bo’lishi, afg’onlarga yordam berishi kerakligini ta’kidlaydi.
Juzjon universitetidan Najibullah Ismatiy nazarida, afg’on urushi juda murakkab mavzu. Bunchalik uzoqqa cho’zilgan mojoaro kamdan kam uchraydi, deydi u.
“Afg’onistondagi urush katta muammo. 40 yildan beri davom etayotgan bu ixtilof xalqni ezib kelmoqda. Toliblar bilan sulh muzokaralari mavzusi ham katta masala. Hukumat va boshqa davlatlar har xil yo’llarni sinab ko’rmoqda. Lekin hech bir harakat natija bermayapti. Indoneziyadagi yig’ilish ham Afg’onistonda urushni to’xtatish uchun tashlanga qadamlardan biri”, - deydi Ismatiy.
Toliblar Afg’onistonda islom dini uchun jihod qilayotganini iddao qiladi. Harakat xorijiy askarlar afg’on zaminini tark etmagunga qadar hukumat bilan muzokara qilmasligini urg’ulaydi.
“Toliblar va afg’on hukumati o’rtasidagi urushning dinga aloqasi yo’q. Bundan avval ham afg’on va arab ulamolari toliblarning faoliyati islom diniga zid ekanini bildirgan edi. Lekin Tolibon diniy olimlar takliflarini rad etib kelmoqda, portlash, xudkush xurujlar, odamlarni boshini kesish amaliyotlaridan voz kechmayapti”,- deydi Juzjon universitetidan Najibullah Ismatiy.
Hukumat va Tolibonni sulhga chaqiruvchi bir qancha tashabbuslar ilgari ham olg’a surilgan. O’zbekiston, Turkiya, Xitoy va Pokistonda bir necha bor anjumanlar o’tkazilgan. “Indoneziyadgi yig’lishning farqi shundaki, bu anjumanda faqat din ulamolari qatnashgan” deydi suhbatdosh.
“Agar qo’shni davlatlar toliblarga bosim o’tkazsa, ularni moliyaviy ta’minlash yo’llari to’sib qo’yilsa, albatta, bu harakatlar natija beradi. Lekin bir narsani unutmaylik, toliblar Pokistonning so’zidan chiqmaydi. Ular qo’shni mamlakatda tayyorgarlikdan o’tmoqda, Pokiston ularga boshpana bergan. Islomobod Afg’oniston sulhi masalasida samimiy emas, buning tarixiy sabablari bor. Ikki davlat o’rtasida yer va hududiy davo mavjud. Agar Afg’oniston bu da’vosidan voz kechmasa, Pokiston toliblarni himoya qilishda davom etadi”,- deydi Ismatiy.
AQSh Prezidenti Donald Tramp Pokiston hukumatiga bosim qo’ygan, unga har yili beriladigan moliyaviy va harbiy yordamni to’xtatgan. Tramp Islomobod toliblarni himoya qilishni to’xtatib, ularga qarshi kurashishi kerakligini ta’kidladi. Lekin Najibullah Ismatiy fikricha, Amerikaning yangi strategiyasi Pokistonni bu ishga majburlay olmadi.
“Menimcha, Trampning qarorlari Pokistonga ta’sir qilmayapti. Ta’sir qilganida edi, Pokiston toliblarni himoya qilishdan voz kechardi. Tramp yordamni kesganidan keyin ham Pokiston bir necha bor Afg’oniston hududini nishonga oldi. Shimoliy viloyatlarda to’qnashuvlar shiddatli kechmoqda. Portlash va xudkush hujumlar kuchaygan. Bu Pokistonning AQSh qarorlariga e’tibor bermayotganidan dalolat”,- deydi Ismatiy.
Ayrim ma’lumotlarga ko’ra, toliblar Indoneziyadagi anjumanga da’vat etilgan edi, lekin toliblardan hech kim bormadi. Shu bilan birga, Tolibon anjuman ishtirokchilaridan ularning siyosatini keskin qoralamaslikni ham so’ragan.
Afg'oniston hukumati Bogordagi anjumanni olqishladi.
Bu o'rtada bugun Afg'oniston sharqidagi Nangarhor viloyatida bir guruh jangarilar hukumat binosiga hujum qilib, kamida 9 odamni o'ldirgan, 39 kishi jarohat olgan. Hujumda xudkush bombachilar ham ishtirok etgan.
Viloyat poytaxti Jalolobod shahrida joylashgan viloyat moliya boshqarmasi nishonga olingan, jangarilar ichkariga kirishga muvaffaq bo'lgan.
Afg'on xavfsizlik kuchlari jangarilar bilan o'q almashgan, qurbonlar orasida politsiyachilar ham bor. Viloyatda Tolibon faol bo'lsa-da, xurujni "Islomiy davlat" jangari to'dasi o'z bo'yniga oldi. Daish Afg'onistonda o'zini "Xuroson viloyati" deb ataydi.
Nangarhor hokimi G'ulob Mangal iste'fo bergan, ammo idorasi vakillariga ko'ra, uning iste'fosi hujum bilan bog'liq emas, shaxsiy sabablar ko'rsatilgan.
Afg'on rasmiylarining aytishicha, may oyi boshidan beri jangari hujumlarida 300 dan ziyod askar va politsiyachilar nobud bo'lgan.