Boliviya hukumati hibsxonalarda kitob mutolaasiga berilgan mahbuslarning jazo muddati qisqartirilishi haqida ma’lum qildi. Janubiy Amerika qit’asida joylashgan bu mamlakatda qamoqxonalar odatda haddan to’lgan va hukumat jazo muassasalari aholisini shu tariqa ham qisqartirmoqchi, ham hibsxonadagilar savodini oshirib, dunyoqarashini o’zgartirmoqchi.
Your browser doesn’t support HTML5
Boliviya bu borada Braziliyada qabul qilingan dasturdan foydalanyapti.
“Panjara ortidagi kitoblar” deb nomlanuvchi dasturda faol ishtirok etganlar ozodlikka erta chiqish imkoniga ega.
Boliviyada o’lim yoki umrbod qamoq jazosi ko’zda tutilmagan, sud tizimi o’ta sekin ishlaydi, natijada odamlar sudgacha hibsxonada uzoq vaqt qolib ketishi mumkin.
Yangi dastur ta’lim, jamiyatga qayta integratsiyalash, mahbuslarga ijtimoiy yordam uchun puli yo’q 47 ta qamoqxonada tadbiq etilmoqda, 865 odam unda ishtirok etyapti.
Jaklin ismli bir mahbus so’nggi bir yilda sakkizta kitob o’qib, 4 ta imtihondan muvaffaqiyatli o’tgan.
"Ozodlikda yaqinlari, daromad manbai yo’q odamlar uchun bu oson emas. Ba’zilar o’qish-yozishni aynan shu yerda o’rganishyapti”, - deydi u.
Dastur ombudsmeni idorasi vakili Nadya Kruzning aytishicha, dastur, asosan, sudini kutayotgan mahbuslarga mo’ljallangan.
"Kitob o'qisam, butun dunyo bilan aloqadagidek his qilaman o’zimni, go’yoki devorlar va panjaralar yo’qdek”, - deydi poytaxt La-Pasdagi ayollar qamoqxonasida sudini kutayotgan bir ayol.