AQSh Bojxona va chegara xizmatining 62 xodimi va sakkiz nafar sobiq ishchisi “Facebook” sahifasida lotin amerikalik migrantlar va qonunchilarga qarshi irqchi, ayollarni kamsituvchi, zo’ravon izohlari uchun tergov qilinmoqda.
Ayblanuvchilar “Facebook”da “Men – 10-15” guruhiga a’zo bo’lgan. Bu chegarachilarning maxsus kodi bo’lib, “kelgindi hibsda” degan ma’noni anglatadi.
Guruh ishtirokchilari migrantlar o’limini olqishlovchi, ularni mazax qiluvchi izohlar ham qoldirgan. Iyun oyida Meksikadan Texasga Rio-Grande daryosi orqali o’tishga harakat qilgan salvadorlik bir odam va uning ikki yashar qizining cho’kib o’lgani ham masxara qilingan.
Chegara patruli rahbari Karla Provostning aytishicha, bu guruhga aloqador xodimlar javobgarlikka tortiladi. Ichki xavfsizlik vazirligi ham alohida tergov boshlagan.
Bu o'rtada Tramp ma’muriyati AQShning janubiy chegarasida boshpana olmoqchi bo’lgan markaziy amerikalik migrantlarni bunday imkoniyatdan mahrum qilmoqchi. Yangi taqiq Meksika orqali o’tayotgan odamlarga taalluqli. Bundaylarning arizasi qabul qilinmaydi.
AQSh Adliya vazirligi va Ichki xavfsizlik vazirligi e’lon qilgan yangi chora boshpana olish uchun Amerikaga uchinchi mamlakat orqali quruqlik bilan borgan odamlarga tegishli, agar bu mamlakatning o’zida AQShga boshpana olish uchun ariza berish imkoniyati bo’lsa.
Meksika Tramp ma’muriyatining yangi cheklovlariga amal qilmoqchi emas.
Bu mamlakat Tashqi ishlar vaziri Marselo Ebrardning aytishicha, Meksika AQShda boshpana ololmagan odamlar uchun qo’nim vazifasini bajarmaydi, biroq shu bilan birga, deydi u, Meksika qochqinlarni xavfli hududlarga majburan qaytarmaydi.
AQSh Adliya vaziri Uilyam Barrning aytishicha, so’nggi to’rt oy mobaynida har oy AQShga janubdan 100 ming odam kelmoqda. Shularning kichik qismigina siyosiy boshpana talablariga javob beradi.