Braziliyaning jahon chempionatiga tayyorgarligi kechikmoqda

  • Amerika Ovozi

Kuritiba shahrida qurilayotgan yangi stadion, 17-fevral, 2014-yil.

FIFA xalqaro futbol uyushmasi rasmiylari Braziliyaning Kuritiba shahrida qurilayotgan yangi stadionning belgilangan muddatdan kechroq qurilishiga ruxsat berdi. Kuritiba 2014-yilda bo’lib o’tadigan jahon chempionatiga mezbonlik qiladigan shaharlardan biri. Avvalroq, qurilishlar kechikayotgani bois futbol rasmiylari bu shaharni mezbonlar safidan chiqarib tashlash haqida ogohlantirgan edi. Qurilish muddati uzaytirilgach, endi stadionning may oyi o’rtalarida, chempionat boshlanishidan bir oy oldin tugallanishi kutilyapti.

Your browser doesn’t support HTML5

Braziliya jahon chempionati sari, Behzod Muhammadiy

Hozir qurilishda tunu-kun 1400 dan ziyod ishchi band. Elektrik Fransisko Santosning aytishicha, FIFAning ogohlantirishi braziliyaliklar uchun jiddiy saboq bo’ldi.

“Ular endi ko’zlarini ochib, ko’proq odamni ishga yollamoqda. Bundan buyon hammasi joyida bo’ladi”, - deydi ishchi.

Jenevada joylashgan xalqaro futbol uyushmasi 18-fevral kuni Kuritiba shahri qurilishlarni o’z vaqtida tugata olishiga ishonch bildirdi. Huquqshunos Nelson Gomezga ko’ra, bu Braziliya uchun milliy g’urur masalasi.

“Agar Kuritibadan mezbonlik tortib olinganida, bu millat g’ururining yerga urilishi bo’lardi”, - deydi u.

Braziliyaning Sport vaziri o’rinbosari Luis Fernandezning aytishicha, agar Kuritiba mezbonlikni boy berganda, bundan mamlakat katta moliyaviy yo’qotishga uchrashi tayin edi.

“Bu biz uchun ma’lum ma’noda g’alaba. Shahar mezbonlikni boy berish xavfi ostida qolgandagina qo’lga kiritilgan g’alaba. Chempionatning 12 ta shaharda o’tkazilayotgani juda muhim. Chunki musobaqa bizga nafaqat xursandchilik olib keladi, balki mamlakatning 12 hududiy markaziga taraqqiyot va iqtisodiy imkoniyatlar eshigini ochadi. Shu jihatdan bu haqiqiy g’alaba. Aslida bungacha bormasligimiz, stadionni allaqachon qurib bitkazgan bo’lishimiz kerak edi”, - deydi Braziliya rasmiysi.

Boshqalar esa qurilishlardan charchaganini aytadi.

“Bu qurilish hamma joyning rasvosini chiqarib yubordi. Shaharda tezroq tartib o’rnatishlarini xohlaymiz”, - deydi yangi stadion yaqinida yashovchi fuqarolardan biri.

Bir necha milliard dollarga tushayotgan musobaqadan norozilar ham talaygina. Ikki yildan so’ng mamlakat Olimpiada o’yinlariga ham mezbonlik qiladi.
Jahon chempionatining mahalliy tashkilotchilari guruhi a’zosi, sobiq futbolchi Ronaldo musobaqaning foydasi zararidan ko’proq bo’lishiga ishonadi.

“Oz sonli bo’lgan tandiqchilarga biz jahon chempionatining haqiqiy bayram, katta daromad manbai va odamlar xotirasida uzoq qoladigan voqea bo’lishini ko’rsatishimiz kerak”, - deydi u.

Kuritibadagi yangi stadion 41 ming tomoshabinga mo’ljallangan. Rasmiylar mamlakatdagi barcha sport inshootlari chempionatgacha tayyor bo’lishini va’da qilmoqda.