Buyuk Britaniya “Pfayzer” (Pfizer) va “Biontek” (BioNTech) kompaniyalarining koronavirusga qarshi birgalikda ishlab chiqargan vaksinasiga litsenziya bergan ilk mamlakat bo’ldi. 7-dekabrdan emlash boshlanadi.
“Pfayzer” AQShga, “Biontek” esa Germaniyaga qarashli kompaniya bo’lib, vaksina uch bosqichdan iborat sinov paytida 95 foizlik samaradorlik ko’rsatgan.
Britaniya Sog’liqni saqlash vaziri Mett Xenkokning aytishicha, birinchi bo’lib yuqori xavf guruhiga kiruvchi fuqarolar emlanadi.
“Emlash muddati vaksina qancha tez ishlab chiqarilishiga bog’liq. Rojdestvogacha qancha odam vaksina olishini hozircha aytolmayman, ammo birinchi partiyasini kelasi hafta olishimiz aniq. Dekabr oyida bir necha million doza yetkazilishi kutilmoqda”, - dedi u.
Britaniya ushbu vaksinaning 40 million dozasiga buyurtma bergan. Bu qirollik aholisining uchdan birini, ya’ni 20 million odamni emlashga yetadi.
“Quvonishga erta hali. Bu yaxshi yangilik, albatta, ammo yangi dorilarni odamlarga taklif etishdan oldin yillab sinovdan o’tkazishadi. Virus yuqtirish ehtimoli yuqori odamlar uchun bu yaxshi xabar, ammo men emlanishga shoshilayotganim yo’q”, - deydi londonliklardan biri.
Hozircha na AQSh va na Yevropa Ittifoqi “Pfayzer/Biontek” vaksinasini ma’qullagan. Bryussel 29-dekabrgacha masala hal bo’lishini bildirmoqda. Ittifoqqa a’zo mamlakatlar uchun bir doza 15,5 yevroga tushishi aytilmoqda.
Rossiyada esa mahalliy “Sputnik V” vaksinasi yanvar-fevral oyidan boshlab aholiga taklif etila boshlaydi.
Bu o’rtada Turkiyaning Istanbul shahri yana bo’shab qolgan. Mamlakatda dushanbadan yangi cheklovlar joriy etilgan. Xususan, hafta o’rtasida kech soat 9 dan sahargi 5 gacha komendant soati nazorat etiladi. Juma oqshomidan dushanbagacha esa ko’chaga chiqish umuman taqiqlanadi.
Mamlakatda har kuni o’rtacha 30 ming odamda koronavirus aniqlanmoqda, dushanba kuni 190 bemor o’lgan.