Britaniyada bosh vazir tanlovida 5 konservativ siyosatchi qoldi

  • Amerika Ovozi

Sobiq moliya vaziri Rishi Sunak Konservatorlar partiyasi liderligi uchun tanlovda peshqadam

Britaniyada Konservatorlar partiyasining yangi lideri va bir paytning o’zida mamlakat bosh vazirini tanlashga qaratilgan saylov jarayoni davom etmoqda. Liderlikka nomzodini qo’ygan 8 siyosatchidan ikki nafari 30 ta ovoz ololmagani uchun saylovning birinchi bosqichida poygadan chiqib ketdi. 14-iyul kuni qonunchilar qolgan olti nomzodga ovoz berdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 14-iyul, 2022-yil

101 konsevativ qonunchi sobiq moliya vaziri Rishi Sunakni dastakladi. Savdo siyosatiga mas’ul kichik vazir va sobiq mudofaa vaziri Penni Mordont 83 ovoz bilan ikkinchi, Tashqi ishlar vaziri Liz Trass 64 ovoz bilan uchinchi o’rinni egalladi. Eng kam ovoz to’plagan bosh prokuror Suella Braverman poygadan chiqib ketdi.

Konservatorlar partiyasi qoidasiga ko’ra, qonunchilar poygada ikki nomzod qolgunga qadar ovoz beraveradi va ungacha har bosqichda oxirgi o’rinni olgan nomzod jarayondan chiqib ketadi.

Shundan keyin saylovga partiyaning 200 mingga yaqin a’zosi qo’shilib, so’nggi bosqichda ikki nomzodga pochta orqali ovoz beradi.

Saylovning ikkinchi bosqich natijasi quyidagicha:

  1. Rishi Sunak (sobiq moliya vaziri) - 101 ta ovoz
  2. Penni Mordont (savdo siyosatiga mas’ul kichik vazir) - 83 ta ovoz
  3. Liz Trass (tashqi ishlar vaziri) - 64 ta ovoz
  4. Kemi Badenox (tenglik masalalari bo’yicha sobiq vazir) - 49 ta ovoz
  5. Tom Tugendxat (parlament quyi palatasida qo’mita raisi) - 32 ta ovoz
  6. Suella Braverman (bosh prokuror) - 27 ta ovoz (poygadan chiqdi)