Britaniyaning yangi 10 yillik mudofaa strategiyasida Xitoyga jiddiy e'tibor qaratilmoqda

  • Amerika Ovozi

Bosh vazir Boris Jonson parlamentda

Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson parlamentga 10 yillik mudofaa strategiyasini taqdim etarkan, Xitoyni Britaniya xavsizligiga katta muammo deb atadi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 18-mart, 2021-yil

“Xitoy biznikiga o’xshagan ochiq jamiyatga muammolar tug’dirib turishiga shubha yo’q. Ammo qadriyatlarimiz va manfaatlarimizga to’g’ri kelgan paytlarda Xitoy bilan hamkorlikka, kuchli va ijobiy iqtisodiy aloqalar o’rnatishga tayyormiz”, - dedi Jonson.

Parlamentning bir necha deputati nazarida, bosh vazir Xitoy bilan savdo aloqalarini kuchaytirishga intilishi ketidan unga yumshoq muomala qilmoqda. Jonsonning ularga javob berishicha, Pekin bilan yangi Sovuq urush olib bormoqchi bo’lganlar xato qiladi.

Bosh vazirga ko’ra, Britaniya Yevropa xavfsizligi va NATOga sodiq qoladi.

“Mana shu puxta asosga tayanib, qayerda bo’lmasin, do’st va hamkor qidiramiz, ochiqlik va innovatsiya sari ittifoqlar tuzamiz, Hind-Tinch okeani mintaqasida faolroq bo’lamiz”, - dedi Boris Jonson.

Ushbu siyosatni amalda qo’llash maqsadida Britaniyaning “Qirolicha Yelizaveta” deb nomlangan yangi avianosets kemasi joriy yilda Hind-Tinch okeani mintaqasi bo’ylab safarga chiqadi. Bosh vazir Jonson esa kelasi oy Hindistonga tashrif buyuradi.

10 yillik rejaga ko’ra, Britaniya yangi harbiy texnikani qo’lga kiritish uchun 292 milliard dollar sarflamoqchi.

Tahlilchi Vil Nuvensning aytishicha, Xitoyning qat’iyatli siyosatiga qarshi turish uchun keng qamrovli choralar ko’rish kerak.

“Mintaqaga kemalar yoki samolyotlar yuborish bilan ish bitmaydi. Bular bilan birga yangi texnologiyalarga sarmoya qilish kerak. Masalan, kvant sohasiga, sun’iy intellekt, kibernetik xavfsizlikka va hokazo. Xitoyning kuchayishi va Hind-Tinch okeani mintaqasida qudratini yoyishi haqida gapirganda ko’zga tashlanadigan harbiy narsalardan tashqari kengroq muammolar borligini anglash kerak”, - deydi ekspert.

Nuvens nazarida, Britaniya Xitoy bilan harbiy sohada raqobatlasha olmaydi.

“Resurslarimiz cheklangan. Birlashgan Qirollik real kuchga ega xususiyatlarni topib, imkoniyatlarimiz kamroq yo’nalishlarda hamkorlar va ittifoqchilar bilan birga harakatlanib, salohiyatimizni, bilimimizni kuchaytirishga harakat qilish kerak”, - deydi u.

Bosh vazir Jonsonning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Britaniyaning eng yaqin ittifoqchisi bo’lishda davom etadi.

Amerika Davlat kotibi Entoni Blinken va Mudofaa vaziri Lloyd Ostin shu hafta Yaponiya va Janubiy Koreyada bo’lib, Xitoy masalasini muhokama etgan.

“Xitoy o’z maqsadlariga erishishda do’q-po’pisa va agressiyani ishga solsa, javob berishga tayyormiz”, - dedi Blinken.

Xitoy Qo’shma Shtatlarni mintaqa tinchligi va barqarorligiga raxna solayotganlikda ayblab keladi. Pekin hozircha Britaniyaning Hind-Tinch okeani mintaqasida faol bo’lish rejasiga munosabat bildirgani yo’q.

Londonning 10 yillik mudofaa strategiyasida yadro kallakchalari arsenalini 180 dan 260 taga yetkazish ko’zda tutilgan. Tanqidchilarga ko’ra, bu Britaniyaning Yadro qurollarini tarqatmaslik haqidagi shartnomaga doir majburiyatlariga xilofdir.