Britaniya parlament saylovlariga hozirlanmoqda. 4-iyul kuni bo’ladigan tanlov yakuniga ko’ra mamlakatni 14 yildan beri boshqarayotgan konservatorlar hokimiyatda qolishi yoki boshqaruv leyboristlarga o’tishi mumkin.
Your browser doesn’t support HTML5
Kuzatuvchilar Bosh vazir Rishi Sunakning so’nggi uch saylovda qo’li baland kelgan Konservatorlar partiyasi mag’lub bo’lishini bashorat qilmoqda.
Kir Starmer yetakchiligidagi leyboristlar so’lchilar hisoblanadi, ijtimoiy so’rovlarda peshqadam. Muxolifat hokimiyatga kelsa, narxlarni tushirishga va’da bermoqda.
2018-yilda tuzilgan o’ng qanot “Islohot” partiyasi ham saylovda qatnashadi. Konservativ saylovchilarning bir qismi noqonuniy muhojirlikka qarshi chiqayotgan bu partiyaga ovoz berishi kutilmoqda. Bu esa konservatorlarga zarar bo’lishi aytilmoqda.
So’nggi yillarda mamlakatga La-Mansh orqali minglab odam siyosiy boshpana so’rab kirgan. Muxolifat hukmron partiyani chegara nazoratini qo’ldan chiqarganlikda ayblamoqda.
Sunak hukumati migrantlar arizalari ko’rilgunga qadar ularning bir qismini Ruandaga deportatsiya qilishga qaror qildi. Biroq tanqidchilar bunday tashabbus xalqaro qonunga xilof, g’ayrinsoniy ekanini, urush, tartibsizlik va ochlikdan qochayotgan odamlar oqimini to’xtatishga ojizlik qilishini aytadi.
4-iyul saylovida quyi palataning barcha 650 a’zosi qayta saylanadi. Saylov bir bosqichdan iborat.
Kuzga belgilangan saylov muddatidan uch oy oldin o’tkazilmoqda.
Britan musulmonlari kimga ovoz bermoqchi?
Britaniya aholisining 6,5 foizini musulmonlar tashkil etadi, ya’ni 3,9 million odam. Ularning bir qismi ham saylovda qatnashadi. Britan musulmonlari konservativ hukumatning Isroilni G’azoda XAMASga qarshi urushda qo’llab-quvvatlaganidan norozi.
Musulmonlar saylovda mustaqil nomzod sifatida yoki kichikroq partiyalardan qatnashmoqda.
"G’azo siyosat haqida emas, inson huquqlari haqidagi tortishuv. G’azo tarafida bo’lganimiz uchun hech kimdan uzr so’ramaymiz”, - deydi parlamentga saylanishga umid qilayotgan manchesterlik nomzod Shahnoz Sodiqiy.
Musulmonlar “Musulmon ovozi” deb nomlanuvchi kampaniya boshlab, aholini Falastinga xayrixoh nomzodlarga ovoz berishga undamoqda. Sodiqiy saylovda 152 ta nomzodni ko’rsatgan so’lchi Ishchilar partiyasidan saylanmoqda.
Musulmonlarning leyboristlardan ham ko’ngli qolgan. Ularning sardori Kir Starmer XAMASning 7-oktabr hujumlari ketidan Isroilni qo’llab-quvvatladi. So’lchilar va musulmonlar bosimi ostida Starmer G’azoda otashkesimga chaqirishga o’tgan bo’lsa-da, leyboristlar musulmonlar ishonchini to’liq qozona olgani yo’q.
"Doim leyboristlarni qo’llab-quvvatlaganman, ammo endi bunday bo’lmaydi. Ko’z oldimizda qatliom bo’lyaptiyu, hech kim hech narsa qilgani yo’q”, - deydi Rafit Husayn ismli 51 yoshli do’kon egasi.
O’tgan oy o’tkazilgan ijtimoiy so’rov natijasidan ma’lum bo’lishicha, G’azodagi urushni eng muhim besh mavzudan biri deb bilgan britan musulmonlarining 44 foizi mustaqil nomzodlarga ovoz berishi mumkin.
Britaniyada 100 dan ziyod xonanda, yozuvchi va rejissor Kir Starmerga murojaat qilib, partiyasi saylovda g’alaba qozonib, u keyingi bosh vazir bo’lgudek bo’lsa, Isroilga qurol savdosini to’xtatishga chaqirdi.
Bungacha London meri Sodiq Xon, Shotlandiya Leyboristlar partiyasining rahbari Anas Sarvar va britan parlamentining 50 dan ziyod leyborist qonunchisi Sunak hukumatidan Isroilga qurol uzatishni to’xtatishni talab qilgan.