Britaniya Yevropa Ittifoqidan chiqishi ketidan Bosh vazir Boris Jonson mamlakat tashqi siyosatini qayta ko’rib chiqishga kirishgan. Xususan, AQSh va Xitoy kabi yirik davlatlar bilan savdo aloqalarini kuchaytirish ko’zda tutilgan, biroq bu ikki mamlakat o’rtasidagi ziddiyatlar bunga halaqit berishi mumkin.
Yanvar oyida Jonson Xitoyning “Xuavey” (Huawei) texnologik kompaniyasiga Britaniyaning 5G mobil tarmog’ining ayrim komponentlarini o’rnatishga ruxsat bergan edi, biroq AQSh “Xuavey” Xitoy hukumatiga aloqador ekanini aytib, bunga qattiq e’tiroz bildirdi. Jonson endi fikridan qaytishi mumkin.
“Birlashgan Qirollik hukumatlarga aloqador kompaniyalar oldida himoyasiz qolmasligi kerak. Vaziyatga diqqat bilan yondashamiz”, - dedi u.
Qo’shma Shtatlar may oyida Amerika kompaniyalariga “Xuavey”ni 5G texnologiyasiga aloqador mikrosxemalar bilan ta’minlashni taqiqlab qo’ydi.
Britaniyaning Milliy kiberxavfsizlik markazi xulosasiga ko’ra, AQShning bu qarori “Xuavey” texnologiyasi xavfsizligini zaiflashtiradi.
Xitoyning Britaniya aloqa texnologiyalariga aralashishiga qarshi mahalliy qonunchilar nazarida, hukumat siyosatiga o’zgartirish kiritishi kerak.
“Hukumatdagilar oldingi qarorining xato ekanini va undan qaytishi kerakligini tushunib qolishdi. Ammo koronavirus pandemiyasi boshlanib, Xitoy uni eng boshidan nazoratga olmagani va kasallik haqida ma’lumot ulashmaganidan so’ng ko’plar Xitoyga ishonib bo’lmasligini anglab yetdi”, - deydi Konservatorlar partiyasidan qonunchi Ayn Danken Smit.
“Xuavey” Qo’shma Shtatlar qarori ortida tijoriy raqobatni sindirish harakati turganini da’vo qiladi.
“Birlashgan Qirollik va Xitoy munosabatlari uzoqqa borib taqaladi va undan shunchaki voz kechish oson emas”, - deydi kompaniyaning Britaniyadagi vakili Jon Braun.
Besh yil avval o’sha paytdagi bosh vazir Deyvid Kameron ikki mamlakat munosabatlarida oldin davr boshlandi deya aytgan edi. Biroq endi “Xuavey”, Gonkong, COVID-19 kabi masalalarda taranglik kuzatilmoqda.
Xitoyning Britaniyadagi elchisi Londonni o’ylab ish qilishga chaqirmoqda.
“Sizga do’st bo’lishni, hamkor bo’lishni istaymiz. Agar Xitoyni o’zingizga dushman qilib qo’ysangiz, oqibatlari bilan yuzlashishga to’g’ri keladi”, - dedi Lyu Syaomin.
“Xuavey” bo’yicha yakuniy qaror britan parlamenti 22-iyul kuni yozgi ta’tilga chiqishidan oldin qabul qilinishi kutilmoqda.