Boris Jonson bugun Britaniya bosh vaziri va Konservatorlar partiyasi liderligidan ketishi haqida bayonot berdi. Partiyaga yangi rahbar saylangunga qadar Jonson vazifalarini bajarib turishini bildirdi, ya’ni taxminan oktabr oyigacha.
Your browser doesn’t support HTML5
2019-yilda saylangan arbob shu kungacha erishilgan yutuqlarini sarhisob qildi – Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishi, koronavirusga qarshi kurashdagi yutuqlar, Ukrainaga yordam kabilarni.
“Afsuski, ko’p g’oya va loyihalar amalga oshmay qolib ketadigan bo’lyapti”, - dedi u.
So’nggi 24 soatda Jonson hukumatining o’nlab vazirlari iste’fosini e’lon qildi. Jami 60 ga yaqin rasmiyning bosh vazirdan uzoqlashish maqsadida ishdan ketishi hokimiyatga chirmashib iste’foni xayoliga ham keltirishni istamagan davlat rahbariga iste’fodan boshqa chora qoldirmadi.
Jonsonning COVID bilan bog’liq lokdaun paytida bazm uyushtirib, ommaviy to’planishlarga o’zi qo’ygan taqiqni o’zi buzgani, o’tmishi toza bo’lmagan siyosatchilarni hukumatga ishga yollashi va boshqa mashmashalar bosh vazir partiyasidagi qonunchilarning Jonsondan sovishiga olib keldi.
Kechagina ta’lim vaziri lavozimiga tayinlangan rasmiy bir kun o’tmay iste’fo berdi. Moliya vaziri lavozimiga bir kun oldin tayinlangan boshqa rasmiy esa bugun Jonsonni iste’foga chaqirdi.
Angliya va Uels bosh prokurori Suella Braverman bosh vazirlikni egallashga tayyor ekanini bildirdi. Ba’zilar sobiq bosh vazira Tereza Meyni hukumatga vaqtincha qaytarishni taklif etmoqda.
Muxolif Leyboristlar partiyasi yetakchisi Kir Starmer nazarida, Jonson bir kun ham lavozimida qolmasligi kerak.
"Jonson mamlakatni yolg’onlarga, firibga, tartibsizlikka botirdi. Aholining turmush tarzi tushib ketgan bir paytda hukumat faoliyati to’xtab qoldi. Jonsonga dastak berib turganlar bu ishidan uyalishi kerak. Konservatorlar partiyasi 12 yildan beri hokimiyatda bo’lsa, 12 yil davomida iqtisodiy turg’unlik, ishdan chiqqan ijtimoiy xizmatlar, bajarilmagan va’dalarga yuz tutyapmiz. Toqatimiz toq bo’ldi. Bizga o’zgarish kerak. Ammo bu o’zgarish faqat konservatorlar rahbariyati bilan cheklanishi kerak emas. Hukumat yangi bo’lishi kerak, Britaniya uchun yangi davr boshlanishi kerak”, - dedi Starmer.
Kreml Jonsonning iste’fosini olqishladi. Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Jonson Rossiyani yoqtirmaydi, Rossiya esa uni.
Bosh vazirlikka kim kelishi mumkin? Tahlilchilar bir necha arbob ismini keltiryapti.
LIZ TRASS
Shulardan biri Tashqi ishlar vazirasi Liz Trass bo’lib, u Konservatorlar partiyasining arzandasi hisoblanadi. 46 yashar siyosatchi bungacha savdo vaziri bo’lib ishlagan, breksit paytida Yevropa Ittifoqi bilan muzokaralarga bosh bo’lgan. Biroq Trassning Boris Jonsonga sodiqligi uning bosh vazirlikka bo’lgan umidlarini puchga chiqarishi mumkin.
JEREMI XANT
55 yashar sobiq tashqi ishlar vaziri Jeremi Xant bosh vazirlikka yana bir nomzod. U 2019-yilgi partiyaviy saylovlarda ikkinchi o’rinni olgan. O’tmishda sog’liqni saqlash vaziri bo’lib ishlagan. Xantning Jonson hukumatiga kirmagani ayni paytda unga plyus bo’lishi mumkin.
BEN UOLLAS
Ba’zilar Mudofaa vaziri Ben Uollasni ham oliy lavozimga nomzod sifatida ko’rmoqda. 52 yashar sobiq harbiy konservatorlar hurmatiga sazovor siyosatchilardan.
RISHI SUNAK
Seshanba kuni Jonson hukumatini tark etgan sobiq moliya vaziri Rishi Sunak o’tgan yili ham Jonsonning vorisi deb ko’rilgan edi. U koronavirus pandemiyasi paytida iqtisodiyotni tiklashga qaratilgan reja mualliflaridan. Sunak siyosati tufayli ommaviy ish yo’qotishlarining oldi olindi, natijada davlat yarim trillion dollarlik zarardan xalos bo’ldi.