2009-yilda Rossiya qamoqxonasida hisobchi Sergey Magnitskiyning o’limidan so’ng uning qiynoqlarga solinganini da’vo qilgan yaqinlari Britaniya hukumatini Rossiyaga qarshi sanksiya qo’llashga da’vat etadi. 11 yil o’tib, London nihoyat shunga qaror qiladi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Qo’li qonga belangan, zolim hukmdorlarning kallakesarlari, diktatorlarning laychalari bundan keyin bu mamlakatga bemalol kira olmaydi, Britaniyada mulk sotib olmaydi, Rojdestvo bayrami arafasida do’konlarimizni keza olmaydi, iflos pullarini Britaniya banklari yoki boshqa moliyaviy idoralari orqali o’tkaza olmaydi”, - dedi Britaniya Tashqi ishlar vaziri Dominik Raab.
Britaniya hukumati Magnitskiyning o’limiga aloqadorlikda gumon qilinayotgan 25 nafar rossiyalik rasmiyni qora ro’yxatga qo’shdi. Ularga Britaniyaga kirish man qilinadi, bu mamlakatda mulki bo’lsa, muzlatiladi. Rossiya Tergov qo’mitasining rahbarlari, Bosh prokuratura vakillari, sudyalar shu ro’yxatga kiritilgan.
Rossiyada Magnitskiy bilan ishlab, mamlakatni tark etishga majbur bo’lgan, Kreml tomonidan soliqdan bo’yin tovlaganlikda ayblanayotgan britaniyalik moliyachi Bill Brauder ayblovlarning asossiz ekanini aytadi.
“Putin pulni inson hayotidan ustun qo’yadi. Biz uni pullaridan ayirish mexanizmini yaratdik. Va u meni bu uchun kechira olmayapti”, - deydi "Hermitage Capital Management" raisi Brauder.
Britaniya hukumati Saudiya Arabistonining 20 nafar rasmiysini ham sanksiya bilan jazoladi. Ular 2018-yilda jurnalist Jamol Qoshiqchining o’limida ayblanmoqda. London, shuningdek, Myanma va Shimoliy Koreya rasmiylarini qora ro’yxatga qo’shdi.
Xitoy Gonkong xavfsizligiga doir qonun qabul qilganidan so’ng Britaniyadagi ayrim qonunchilar Pekinning qo’g’irchog’i deya ko’rilayotgan Gonkong rahbari Kerri Lamni ham sanksiyaga tortishga chaqirmoqda.
“Xitoy inson huquqlarini poymol etishda alohida jonbozlik ko’rsatmoqda va uni ham jazolash kerak. Gonkongdagi siyosati uchun, uyg’urlarga nisbatan muomalasi uchun”, - deydi Brauder.
Qo’shma Shtatlar 2012-yilda “Magnitskiy qonuni”ni qabul qilgan, so’ng Kanada shunday qildi. Yevropa Parlamenti ham o’xshash hujjat tayyorlamoqda.
“Agar Yevropa Ittifoqi sanksiya e’lon qilmasa, bu odamlar Fransiya janubida villalar sotib olishda, pullarini Germaniya banklarida saqlashda, farzandlarini Shveysariyadagi internat-maktablarga yuborishda davom etadi”, - deydi Bill Brauder.
Britaniya dunyo bo’ylab inson huquqlari mash’ali rolini bajarishga tayyor ekanini bildirmoqda. Tahlilchilarga ko’ra, hozirgi choralar Londonning qudratiga bir sinov bo’ladi.