Britaniya Bosh vazirasi Tereza Mey sobiq josus va uning qiziga hujumda Rossiyani ayblamoqda. Sergey Skripal va uning qizi Yuliya 4-mart kuni Britaniyaning Solsberi shahrida asab-falaj gazi bilan zaharlandi.
1999-yilgacha Sovet va Rossiya harbiy razvedkasida ishlagan sobiq polkovnik 2006-yilda Rossiyada josuslikda ayblanib, to’rt yildan so’ng AQSh va Rossiya o’rtasida josuslarni ayirboshlash dasturi tufayli ozod etilib, shu kungacha Britaniyada yashab kelmoqda.
Tereza Meyning dushanba kuni qonunchilarga aytishicha, harbiy maqsadda qo’llaniladigan kimyoviy moddaning bu turi Rossiyada ishlab chiqilgan.
“Rossiya hukumati buyrug’iga ko’ra ko’plab qotilliklar sodir etilganini yaxshi bilamiz. Nazarimizda, Rossiya G’arbga qochgan sobiq josuslarni nishon deb biladi. Sergey va Yuliya Skripalga qarshi hujumda ham Rossiyaning qo’li borligi ehtimoli o’ta yuqori”, - dedi Britaniya rahbari.
Shunday bo’lgan taqdirda, deydi Mey, bu hujumni Britaniyaga qarshi xuruj deb ko’rish mumkin. Tereza Mey olg’a surgan yana bir ehtimolga ko’ra, asab-falaj gazi boshqa birovlarning qo’liga tushib qolgan bo’lishi mumkin.
London Kremldan gazning bu turi haqida barcha ma’lumotlarni seshanba oqshomga qadar Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkilotiga uzatishni talab qildi. Aks holda Tereza Mey Rossiyaga qarshi chora ko’rishga majburmiz, deydi.
Rossiya hukumati bu ishga aloqamiz yo’q, hujum ortida AQSh, Britaniya yoki Ukraina turgan bo’lishi mumkin, deydi. Rossiyalik ayrim siyosatchilar nazarida, London shu yozda futbol bo’yicha Jahon chempionatini Rossiyadan olib qo’yish hamda Britaniyadagi rus matbuoti faoliyatiga chek qo’yish uchun turli bahonalar qidirmoqda.
“Yevropa islohoti markazi” tashkiloti xodimi Ian Bondning aytishicha, Britaniya javob tariqasida Rossiya elchixonasida ishlayotgan razvedka xodimlarini mamlakatdan chiqarib yuborishi mumkin.
Kreml Skripalga qarshi kimyoviy hujum bilan bog’liq tergov materiallarini Londondan so’raganini, ammo aniq javob olmaganini aytadi. Tergovchilar hujum sodir etilgan kun sobiq josus va uning qizi bo’lgan joylarni aniqlashga urinmoqda.
2006-yilda sobiq rus josusi Aleksandr Litvinenko Londonda poloniy radioaktiv kimyosi bilan zaharlanib, bir oyga yetmasdan olamdan o’tgan edi. Britaniya hukumati 2000-yilda bu mamlakatga qochgan josusning o’limida Kremlni ayblab keladi, Rossiya hukumati barcha ayblovlarni rad etadi.