Kaliforniyadagi qurg'oqchilikning 4-yili boshlandi. Shaharlarda suvdan foydalanishga cheklov qo'yilgan. Shtatda suvning asosiy qismi qishloq xo'jaligida sarflanadi. Shaharda ham, qishloqda ham aholi qurg'oqchilik ta'sirini allaqachon sezmoqda. Ayrim mutaxassislarga ko'ra, Kaliforniya suv tizimining uzoq muddatli qurg'oqchilikni ko'tarishi qiyin.
Your browser doesn’t support HTML5
Kaliforniyada har bir dehqon qurg'oqchilikdan xavotirda. Jumladan, avokado yetishtiruvchi Ed Makfadden ham.
"Bu katta tashvish, ko'pchiligimizda uyqu yo'qolgan. Atrofga qarasangiz, o'nlab yillik daraxtlar bor bu yerda", - deydi u.
Ventura okrugi fermerlar uyushmasi vakili Jon Kristning aytishicha, Kaliforniyadagi suvsizlikning ta'siri olislarda ham seziladi.
"Mamlakatdagi meva-sabzavotlarning yarmi shu yerdan", - deydi u.
Kristga ko'ra, qurg'oqchilik ko'plab dehqonlarning ishini qiyinlashtirdi.
"Qishloq xo'jaligi allaqachon qisqaryapti. O'tgan yili shtat va federal loyihalardan suv berilmadi va 200 ming gektardan ortiq yerga hech narsa ekilmadi. Suvsizlikning oqibati bu", - deydi u.
Dehqonlar foydalanadigan suv shtat va federal agentliklar nazoratida shimoliy Kaliforniya va Kolorado daryosidan keladi.
"Kaliforniyada suvni saqlaydigan va uzatadigan tizim 50, 60-yillarga borib taqaladi va o'sha paytlarda zo'r ishlardi. Lekin hozir biz yangi dunyoda yashayapmiz", - deydi Krist.
Los-Anjelesdagi Kaliforniya universiteti tadqiqotchisi Stefani Pinsetlning aytishicha, suv tizimi eriydigan qor zaxiralariga tayanadi va unda uzoq muddat yog'in yog'masligi hisobga olinmagan.
"XX asrda boshqa davrlarga qaraganda ko'proq yomg'ir yog'ardi. Bu tizim shunga moslab qurilgan. Qishloq xo'jaligining kengayishi, aholining ko'payishi va iqlim o'zgarishlari hisobga olinmagan", - deydi mutaxassis.
Kunlar isigan sari yog'ingarchilik kamayadi.
"Buni to'xtatib bo'lmaydi. Suv saqlashning boshqa yo'llarini topishimiz kerak", - deydi Jon Krist.
Pinsetl Kaliforniyaning yer osti suvlariga e'tibor qaratadi.
"Yer ostidagi suv zaxiralarini ishlatishimiz kerak. Yev usti va tagidagi suvlarni birgalikda boshqarish tizimini barpo etish uchun bu muhim", - deydi u.
Ed Makfaddenning aytishicha, Ventura okrugida yer osti suvlaridan foydalaniladi. Shuning uchun bu yerda vaziyat boshqa joylarga qaraganda ancha yaxshi.
"Hozircha hammasi joyida. Bu yil hosil yaxshi bo'ldi. Hozir uni yig'ishtiryapmiz", - deydi u.
Ammo suv hozir har qachongidan ham kam. Dehqonlar suvni tejab, ehtiyotkorlik bilan ishlatish kerak, degan fikrda. Suv qayerdan kelishidan qat'i nazar, shtatdagi barcha dehqonlar shu qoidaga rioya qilmoqda.