COVID-19 kaliforniyaliklarni qurol olishga majburlamoqda

  • Amerika Ovozi

Koronavirus pandemiyasi AQShda odamlarni nafaqat oziq-ovqat g’amlashga, balki qurol sotib olishga ham majburlamoqda. Kaliforniya shtatining Los-Anjeles shahridagi qurol do’konlarida uzun navbatlarni ko’rsa bo’ladi.

“1992-yilda, adashmasam, Los-Anjelesda tartibsizliklar bo’lgan. Agar shunga o’xshash voqea sodir bo’lsa, tayyor turish uchun ko’p qurol sotib oldim. Yana bir necha kundan keyin prezidentimiz bizni uyga qamab qo’yadi, shunda ko’rasiz, odamlar oziq-ovqat o’g’irlash uchun uylarga kira boshlaydi”, - deydi Mark ismli bir odam.

Qurol do’konlari egalari oxirgi marta savdo qachon bu qadar chaqqon bo’lganini eslay olmaydi. Shtat ma’murlari aholini tinchlanishga da’vat etmoqda.

Kaliforniya gubernatori Gavin Nyusom shtatdagi barlar, restoranlar, tungi klublarni yopishni buyurib, koronavirusga chalinish ehtimoli bor odamlardan uyda o’tirishni so’radi.

“Kaliforniya shtatida 65 va undan katta yoshdagi odamlar 5,3 millionni tashkil etishini taxmin qilyapmiz. Ularning virus oldidagi zaifligini hisobga olib, bu odamlarning salomatligini ustun qo’yyapmiz. Uysizlar, xronik kasalliklari bor odamlar salomatligi ham biz uchun ustuvor vazifa. Kaliforniyadagi yoshi ulug’ barcha odam uydan chiqmay o’tirsin”, - dedi gubernator.

Los-Anjeles meri Erik Garsetti buyrug’iga ko’ra, shahardagi barlar va restoranlar ikki haftaga yopiladi, restoranlarga taomlarni xo’randalarga yetkazish yoki kelib olib ketishni tashkillashtirish ruxsat beriladi. Bundan tashqari, sport majmualari va fitnes markazlar, kinoteatrlar, istirohat bog’lari ham yopilib, maktablar va universitetlar onlayn tartibga o’tgan, odamlarga uydan ishlash buyurilgan. Issiq ovqat va boshqa turdagi yordamga ehtiyoji bor odamlar shaharning ma’lum nuqtalariga borib olishlari mumkin.

Mark va unga o’xshagan odamlar turli vaziyatga tayyor turish kerakligini aytadi.

“Ko’p odamlar ishsiz qoldi, demak puli ham yo’q”, - deydi u.

Markning xavotir olishicha, oziq-ovqat va boshqa zarur narsalar tugaganidan so’ng ilojsiz qolgan odamlar talon-tarojga qo’l urishi mumkin.