AQShning g’arbiy hududlarida o’rmonlar yonarkan, mahalliy rasmiylar Prezident Donald Trampni iqlim o’zgarishi bilan shug’ullanishga chaqirmoqda. So’nggi bir necha kunda Kaliforniyadagi yong’inlarda 20 dan ortiq odam o’lgan, minglab aholi evakuatsiya qilingan.
Your browser doesn’t support HTML5
“Iqlim o’zgarishi sabab vujudga kelgan favqulodda holat bu. U haqiqiydir, ko’z oldimizda sodir bo’lyapti. Misli ko’rilmagan darajada bo’lyapti”, - deydi shtat gubernatori Gavin Nyusom.
Prezident Tramp bugun Kaliforniya poytaxti Sakramentoda. Shanba kuni u saylov kampaniyasi doirasida Nevadada ma’ruza qildi.
“Vashington, Oregon shtatlarida odamlar bilan, rasmiylar bilan gaplashdim. Oldin bunaqasini ko’rishmaganini aytishdi. Muammo o’rmonni boshqarishda. Oddiy bir so’z – boshqarish. Boshqa omillar ham mavjud, ammo, asosan, o’rmonni boshqarish muammo bo’lyapti”, - dedi Tramp.
Biroq bu ikki shtatdagi mahalliy rasmiylar yong’inlarga asosiy sabab iqlim o’zgarishi ekanini aytmoqda.
“Prezident o’rmonni yuritishni sabab qilib ko’rsatmoqda, ammo bu katta yolg’on. Bizda qor qatlami yupqalashgan, o’rmonlar quruqlashgan, okeanda suv iliqlashgan, suv tarkibida kislotalik miqdori oshgan. Bu so’nggi bir necha o’n yildan beri kuzatilayotgan holat”, - dedi Oregondan AQSh Senatiga saylangan demokrat qonunchi Jeff Merkli.
Buni ham ko'ring G'arbiy shtatlardagi yong'inlarG’arbiy shtatlar rahbarlari federal hukumatni iqlim o’zgarishiga qarshi tezkor chora ko'rishga chaqirmoqda.
“AQSh g’arbiy sohillarini butunlay alanga olgan bir paytda prezident bularning shunchaki bir yong’in emas, balki iqlim o’zgarishi oqibatida yuz berayotgan yong’in ekanini inkor etib turibdi. Agar Amerika shuni ko’rib harakatga tushmasa, chora ko’rishimiz uchun yana nimalar bo’lishi kerak”, - deydi Vashington shtati gubernatori Jey Insli.
Atrof muhit muhofazasi bilan shug’ullanuvchi faollar Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod Jo Bayden iqlim o’zgarishini saylov kampaniyasining markaziy mavzusiga aylantirmaganidan shikoyat qilmoqda.